Er-xotinning nosog‘lom munosabatlari oqibatida jabrlangan bolalar voqeasi Bolalar va Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanlari tomonidan darhol nazoratga olindi. Shu kunning o‘zidayoq ichki ishlar xodimlari tomonidan ayolning yashash manzili aniqlanib, u ichki ishlar idorasiga bolalar esa buvisi bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifoxonaga olib ketilgan.
Shifokorlarning maʼlum qilishicha, bolalarda hech qanday tan jarohati, ko‘karish, tilinish izlari aniqlanmagan. Ular hozirda shifokor nazoratiga olingan.
Samarqand viloyat IIB maʼlumotiga ko‘ra, hozirda holat yuzasidan IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat to‘liq o‘rganilib, fuqaroning harakatlariga huquqiy baho beriladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 10-11 moddalariga muvofiq, davlat bolani zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan himoya qilinishini amalga oshiradi.
Shu o‘rinda “Bola meniki xohlaganimni qilaman” deb o‘ylaydigan “ota-ona”lar diqqatiga! Har bir bola davlat himoyasida! Agar ularni o‘z ota-onasi va yaqinlaridan himoya qilishga zarurat tug‘ilsa, davlat ularni o‘z himoyasiga oladi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil, avval ham bolalarni zo‘ravonlik va kuch bilan “tarbiyalaydigan” ota-onalardan farzandini olib qo‘yish mexanizmini ishlab chiqish taklifini bildirgan edi.
Eng muhimi bolalar ozor chekmasligi kerak. Chunki ular himoyamizga muhtojdir.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati