Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligida Tovoqsoydagi 7-son jazoni ijro etish muassasasidagi sharoitlar o‘rganildi
2023 yilning 27 mart kuni Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tomonidan Toshkent viloyatidagi 7-son jazoni ijro etish muassasasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Unda mahalliy va xalqaro OAV ham bevosita ishtirok etib, muassasadagi sharoitlar bilan tanishishdi.

Tashrifi davomida, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi. Shuningdek, mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazildi.

Ushbu muassasaga o‘tkazilgan avvalgi monitoring tashriflaridan birida oshxonadagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha Ombudsman tomonidan tavsiyalar bildirilgan edi. Monitoring davomida oshxona 2022 yilda to‘liq taʼmirlanib, foydalanishga topshirilgani maʼlum bo‘ldi. Mahkumlarga 3 mahal belgilangan menyu asosida ovqatlar beriladi.

“Ozodlikda bo‘lgan paytlarim jazoni ijro etish muassasalaridagi sharoitlar yaxshi emasligi haqida turli xil gaplar eshitganman. Hozir ham ko‘pchilik shunday deb o‘ylaydi. Kelganimga 11 oy bo‘ldi. Bunday ovqatlar berilishini to‘g‘risi o‘ylamagan edim. Dam olish kunlari osh qilib berishadi. Baliq, tushlikda birinchi va ikkinchi ovqatlar tortiladi. Sexlardagi sharoitlar ham yaxshi. Oila aʼzolarim kelishganda ularga ham aytaman, sharoitlar yaxshi, boshqalarga ham yetkazing”- dedi mahkumlardan biri.

Jamoatchilik guruhlari aʼzolarining eʼtiborini tortgan jihatlardan yana biri elektron magazin xizmatining joriy etilgani bo‘ldi. Koloniyaga o‘rnatilgan elektron monitor orqali mahkumlar, oldindan shartnoma qilingan tadbirkorlik subyektlari, yirik supermarketlar mahsulotlaridan buyurtma qilishmoqda. Buyurtma yetkazib berilgandan so‘ng to‘lov amalga oshiriladi.

Qayd etish lozimki, shu kunlarda dunyo hamjamiyatining diqqat eʼtibori O‘zbekistonga qaratilgan. Chunki mamlakatda muhim jarayon – O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendumni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 2023 yil 30 aprel kuniga tayinlangan Referendumda ozodlikdan mahrum etilgan, biroq og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ham ovoz berish imkoniyati yaratildi. Mingdan ortiq mahkumlar saqlanadigan mazkur muassasada 6 ta ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan mahkumlar mavjud. Ular bilan suhbatlashilganda albatta referendumda ishtirok etishlari, konstitutsiyaviy islohotlardan xabardorliklari, madaniy xordiq paytida turli ko‘rsatuvlarni ko‘rishlari va muassasa tomonidan ham tushuntirishlar berilishini aytishdi.

Shuningdek, monitoring davomida mahkumlarga yaratilgan mehnat sharoitlari o‘rganildi. 7-son jazoni ijro etish muassasasi rahbari, polkovnik Sharofiddin Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 9 ta, tikuvchilik, yog‘och uymakorlik, mebellar tayyorlash, metaldan yasalgan va chinni buyumlar, shisha idishlari ishlab chiqarish, to‘qish va boshqa sexlar mavjud. 2022 yilda yangi kasbga o‘rgatilgan 282 nafar mahkumga sertifikatlar berilgan. Sexlardan tushgan foyda hisobiga yana 2 ta yangi sex qurilgan. Hozirda mahkumlarning 62 foizi ish bilan taʼminlangan. Yangi sexlar ishga tushishi bilan mahkumlar bandligi 75 foizga oshiriladi. Nogironligi bor shaxslar, betoblar va keksa mahkumlar ishga jalb etilmaydi.

Ish haqqi masalasida bir nechta mahkumlar bilan suhbatlashilganda, sexlarda ishbay asosida mehnat to‘lanishi, tikuvchilik sexida Hattoki, ko‘p ishlagani uchun 2,5-3 mln so‘mgacha ish xaqi olayotganlar ham borligi, aksariyat mahkumlar esa 1 mln so‘m atrofida ish haqi olishlari aytildi.

Avval chet tillaridan dars bergan mahkum muassasa maʼmuriyatiga ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha taklif bilan kirganda, uning iltimosi eʼtiborga olinib sinfxona tashkil etilganini va 2 yildan ortiq vaqt davomida dars o‘tayotganini qayd etdi. Hozirda 200 dan ortiq mahkumlarga ustozlik qilayotgan ushbu mahkum o‘zi ham qilgan ishidan pushaymon ekanligi, to‘g‘ri xulosa chiqargani ham maʼlum qildi.

Mahkumlarga yaratilgan tibbiy xizmat sifati ham o‘rganilganda, dori-darmon, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat borasida hech qanday shikoyatlar kelib tushmadi. Lekin, muassasada 8 ta shifokor shtatidan 4 tasi vakant ekani maʼlum bo‘ldi.

Maʼlumot uchun, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining olish maqsadida 2021 yilda Ombudsman tomonidan 177 ta monitoring tashriflari o‘tkazilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 381 marotabani tashkil etgan.

Monitoring tashriflari davomida 2022 yilda 6 mingdan ortiq shaxslar  bilan  jamoaviy uchrashuvlar, 1 657 nafar shaxs bilan  yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilgan.

2022 yilda Ombudsman nomiga jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan turli masalalarda 3235 ta (2021-yilda 4541 ta) murojaat kelib tushdi. Ularning 1699 tasi yoki 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.

Ushbu shikoyat va arizalar ko‘rib chiqilishi natijasida 2022 yilda prokuratura idoralari tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 43 ta qaror bekor qilinib, qo‘shimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish belgilandi. 21 ta murojaat bo‘yicha tegishli sudlar tomonidan 52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirildi, 13 nafar ayblanuvchiga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasi yengilrog‘iga o‘zgartirildi. 17 nafar mahkumning (mahbusning) oila aʼzolariga moddiy va ijtimoiy ko‘mak berildi. 21 nafar mahkum Jazoni ijro etish departamenti tomonidan insonparvarlik tamoyili asosida, istisno tariqasida, yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududdagi koloniyaga o‘tkazildi.

Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etilib kelinmoqda.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmat

i