Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalari o‘rganildi
Joriy yilning 25-29 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tomonidan Navoiy viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi. Unda “Huquqiy tayanch”, “Madad” nodavlat notijorat tashkilotlari, O‘zbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari ishtirok etishdi.

Monitoring tashrifi davomida Navoiy viloyatidagi 4, 5, 11,12-son jazoni ijro etish koloniyasi, 36-son Manzil-koloniyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy viloyati mintaqaviy filiali hamda Nurota tuman nogironli bo‘lgan erkak shaxslar uchun muruvvat uyidagi sharoitlar o‘rganildi.

Amalga oshirilgan monitoring davomida jazoni ijro etish muassasalarining yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi.

Koloniyalardagi ishlab chiqarish sexlari faoliyati ham o‘rganildi. Maxsus kiyim-kechak tikish, mebel, yog‘och o‘ymakorligi sexlarida ish qizg‘in, mehnat sharoitlari qoniqarli ekani aniqlandi.

Shuningdek, mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi hamda mahkumlarning murojaatlari qabul qilinib, ish yurituviga olindi.

Jazo muddatini o‘tayotgan va nogironligi tufayli o‘zi erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida ular bilan alohida suhbatlar o‘tkazildi.

Shuningdek, mahkumlarning Yangilanayotgan Konstitutsiyadan o‘rin olgan normalardan xabardor ekani, dam olish vaqtlarida ko‘rsatuv va dasturlarni tomosha qilishlari maʼlum bo‘ldi.

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy viloyati mintaqaviy filialiga o‘tkazilgan monitoringda bemorlarni ovqatlanish sharoitlari o‘rganilganda, har bir bemorga taomlanishi uchun kuniga ajratilgan summaning yetarli emasligi aniqlandi. Mazkur masala Respublikadagi boshqa narkologik dispanserlarda ham o‘rganiladi va tahlillardan kelib chiqib masʼul vazirlikka Ombudsman tavsiyalari kiritiladi.

Shu bilan birga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati, dori-darmonlar taʼminoti, palatalardagi sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi.

5 kun davomida amalga oshirilgan monitoringlarda harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.

Ombudsman hamda uning huzuridagi milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi Jamoatchilik guruhlari tomonidan respublika bo‘ylab harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga monitoring tashriflari davom ettiriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati