Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Yana bir fuqaro ishga tiklandi va ish beruvchidan majburiy progul uchun ish haqi va maʼnaviy zarar undirilishi belgilandi – Ombudsman
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili Rustam Kamalovga boquvchisini yo‘qotgan va 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan ona ishga tiklash bo‘yicha murojaat qildi.

Murojaatchi M.D.ning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil 6 iyunda Toshkent viloyati Nurafshon shahar Xotin-qizlar bo‘limida xotin-qizlar faoli lavozimiga ishga qabul qilingan. Lekin ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzilmagan. Ishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyruq nusxasi ham berilmagan.

Fuqaro M.D. unga zarur sharoitlar yaratib berilmaganiga qaramasdan, vazifalarini bajarib kelgan. 3 oydan so‘ng esa sirtqi taʼlimda o‘qishi va orada betob bo‘lib qolgani sababli sinov muddatidan o‘ta olmaganlik vaji bilan bo‘shatib yuborilgan. Uning boquvchisi yo‘qligi va voyaga yetmagan farzandlari borligi ham inobatga olinmagan.

Maʼlumot uchun, Mehnat Kodeksining 84-moddasiga muvofiq, dastlabki sinovni o‘tash haqida mehnat shartnomasida shartlashilgan bo‘lishi lozim. Bunday shartlashuv bo‘lmagan taqdirda xodim dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan deb hisoblanishi belgilangan.

Fuqaro M.D. Nurafshon shahar hokimligining ishdan bo‘shatish bo‘yicha farmoyishi va buyrug‘ini g‘ayriqonuniy deb topish va maʼnaviy zarar undirish to‘g‘risidagi Fuqarolik ishlari bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumanlararo sudiga daʼvo ariza kiritgan. Lekin, sudning 2022 yil 14 dekabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo ariza rad etilgan.

Murojaatchi Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili qabuliga kelganida, unga mehnat qonunchiligi bo‘yicha batafsil huquqiy maslahat berildi va appelyatsiya tartibida shikoyat kiritishi kerakligi, unda qanday jihatlarga eʼtibor berishi kerakligi tushuntirildi. Shuningdek, Ombudsman mintaqaviy vakili sud jarayonlarida kuzatuvchi sifatida to‘liq ishtirok etdi va sudga qo‘shimcha daʼvo kiritilishida huquqiy yordam berdi.

Toshkent viloyati sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatining 2023 yil 29 martdagi ajrimiga ko‘ra, fuqaro M.D.ni ishdan bo‘shatishga oid hujjatlar g‘ayriqonuniy deb topildi va u ishga tiklandi.

Shuningdek, javobgar Toshkent viloyati Nurafshon shahar hokimligidan daʼvogar M.D foydasiga 6 oylik majburiy progul uchun 22 mln 635 ming so‘mdan ortiq ish haqi va 3,5 mln so‘m maʼnaviy zarar undirilishi belgilandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati