Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Samarqanddagi tergov hibsxonasida mahkum va mahbuslar murojaatlari asosida tibbiy ko‘rik tashkil etildi
2023 yilning 11 aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov tomonidan Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan 7-sonli tergov hibsxonasiga navbatdagi monitoring tashrifini amalga oshirdi. Jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etgan ushbu monitoring doirasida mahkum va mahbuslar uchun tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi.

Tibbiy ko‘rikka Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining 16 nafar shifokorlar guruhi va 2 ta avtobusda o‘rnatilgan ko‘chma mobil oftalmolog, ultra tovush, EKG va laboratoriya uskunalari jalb etildi.

Ombudsmanning Samarqanddagi mintaqaviy vakiliga ushbu tergov hibsxonasidan mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan murojaatlarda ularning sog‘lig‘idan shikoyatlari borligi va dori-darmonlarni vaqtida ololmayotganliklari qayd etilgan edi. Shu sababli mazkur tibbiy ko‘rik tashkil etilib, unda 421 nafar mahkum va mahbuslar shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazildi.

Shuningdek, 7-sonli tergov hibsxonasi rahbari va tibbiy bo‘lim boshlig‘i bilan suhbat o‘tkazilib, 141 turdagi dori-darmonlar mavjudligi aniqlandi. Hibsxonada saqlanayotganlarning sog‘lig‘i yomonlashganda kerakli dori vositalarining berilishining  nazoratga olinishi tavsiya qilindi.

Monitoring davomida Voyaga yetmaganlar, ayollar va erkaklar kamerasi ko‘zdan kechirildi. Baʼzi kameralarda yoritgichlar kuygani oqibatida yorug‘lik yetishmasligi aniqlandi va shu kunni o‘zida yoritgichlar almashtirildi.

Bundan tashqari, 78 nafar ayblanuvchi va mahkumlar bilan jamoaviy, 11 nafari bilan yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazildi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati