Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni mustahkamlashda Ombudsman va fuqarolik jamiyati institutlarining roli
2023 yilning 18 aprel kuni Xorazm viloyatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan AQSH Kongressi huzuridagi Xalqaro Respublika Instituti (IRI) bilan hamkorlikda “Mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni mustahkamlashda Ombudsman va fuqarolik jamiyati institutlarining roli” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzolari, viloyat Prokuraturasi, Ichki ishlar, Advokatlar palatasi, Yoshlar ishlari agentligi, Gurlan tumani hokimligi  vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xususan “Gumanitar huquqiy markaz” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari, O‘zbekiston “Ayollar va qizlar” uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘limi, “Yuksalish” umummilliy harakati Xorazm viloyati boshqarmasi, “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

Mazkur “davra suhbati”ning maqsadi mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida umumiy muloqot maydonini yaratishdan iborat bo‘lib, demokratik islohotlarni yana-da rivojlantirish hamda chuqurlashtirishda mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligini yana-da kuchaytirish, fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonlarida yoshlarning ishtirokini oshirish masalalari bo‘ldi.

Tadbirda mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini yana-da rivojlantirish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Seminar davomida ishtirokchilar qiziqarli maʼruzalardan so‘ng, olgan bilimlarni mustahkamlash maqsadida kichik guruhlarga bo‘lingan holda ishladilar. Savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini yana-da kuchaytirishga doir takliflar bildirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati