Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2022 yildagi murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyati yuzasidan BRIFING
2022 yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan, chet el fuqarolari va xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, shuningdek harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va advokatlardan jami 17761 ta murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 977 taga yoki 5,2 foizga kamaygan.

Murojaatlarning 95 tasi anonim deb topilgan bo‘lsada, ularda ko‘tarilgan muammoli masalalar o‘rganildi va tegishli choralar ko‘rildi.

Takroriy murojaatlar sonini keskin kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida ular soni 2021 yilga nisbatan 15,8 foizga kamaydi.

Murojaatlar viloyatlar kesimida aholi sonidan kelib chiqib tahlil qilinganda eng ko‘p masalalar Toshkent shahri, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlariga to‘g‘ri kelishi aniqlandi. Tuman va shaharlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo viloyatining Koson tumani (600 ta) va Qarshi shahri (414), Surxondaryo viloyatining Denov tumanidan (370 ta) kelib tushgan.

2022 yildan Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari ish boshladi. Bu esa fuqarolarning markazga kelish vaqtlari va xarajatlarini tejash, murojaatlarni tezlik bilan joyiga chiqib o‘rganish, monitoring tashriflari qamrovini kengaytirish imkonini berdi. 

2022 yilda Ombudsman tomonidan davlat organlari va idoralariga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 134 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilib, ularning 20 tasi xulosa, 36 tasi taqdimnoma hamda 78 tasi daʼvo arizalarni tashkil qildi.

Shuningdek, Ombudsmanning fuqarolar manfaatlarida yo‘llagan murojaatlari bo‘yicha so‘roviga asosan tashkilotlar tomonidan sudlarga 13 ta daʼvo arizalar kiritilgan.

Ombudsman xodimlari 143 marotaba sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

Natijalarga to‘xtalamiz. 2022 yilda fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirishi belgilangan mablag‘lar 2 mlrd 372 mln so‘mni tashkil etdi.

Fuqarolarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va maʼnaviy zararlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida jami 1 mlrd 358 mln so‘mdan ortiq mablag‘lar fuqarolar foydasiga undirilgan.

Bundan tashqari 45,4 mln so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi taʼminlangan.

Fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlar bo‘yicha undirilgan jami summa – 505 mln 914 ming so‘mni tashkil etadi.

Shu bilan birga Ombudsman ko‘magida fuqarolarga jami – 447,1 mln so‘mga yaqin moddiy yordam, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun subsidiya va boshqa turdagi moliyaviy yordam ajratilgan.

Shuningdek, 13 nafar fuqaro ishga tiklandi, 4 nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi.

14 nafar fuqaroning zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik fakti belgilandi.

7 nafar fuqaroga pensiya hisoblashda inobatga olinmagan staj qayta hisoblab chiqilishi belgilandi

Muruvvat uylarida yashovchi 30 nafarga yaqin shaxsning tug‘ilganlik fakti belgilandi va hujjatlari rasmiylashtirildi.

24 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga, 12 nafar fuqaro “Yoshlar daftari”ga, 5 nafar fuqaro “Temir daftar”ga kiritildi. 3 nafar fuqaroga uy-joy ajratilishi va 9 nafar xotin-qizlarga “himoya orderi” berilishi taʼminlandi.

2 nafar fuqaroning qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlaridan foydalanishiga amaliy yordam berish natijasida ular oliy taʼlim muassasasiga qabul qilindi.

Fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlar mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan murojaatlarini o‘rganish natijasida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 3 nafar masʼul xodimlari o‘z vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan, 1 nafariga ogohlantirish berilgan.

10 ta holatda jinoyat ishi ko‘zg‘atishni rad etish haqida qabul qilingan qarorlar bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilangan.

Ombudsman so‘roviga asosan, vakolatli davlat organlari tomonidan masʼul mansabdor shaxslarning harakatlarida qonunbuzilish holatlari mavjudligi aniqlanib, 3 nafar masʼul egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 22 nafar xodimga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan, 6 nafar shaxsga o‘rtacha oylik ish haqining 30% miqdorida “jarima” intizomiy jazosi qo‘llanilgan, 3 nafar masʼul ishiga sovuqqonlik bilan yondashgani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Ombudsman tomonidan fuqarolar murojaatlarida aniqlangan muammo va kamchiliklarni tahlil qilish natijasida qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tartibda o‘rganib chiqish uchun manfaatdor davlat organlari va tashkilotlarga kiritildi.

Alohida qayd etish lozimki, Ombudsmanga 2022 yilda chet el fuqarolari, chet eldagi O‘zbekiston fuqarolari hamda chet davlatlar Ombudsmanlari tomonidan 61 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 26 ta murojaat Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlar Ombudsmanlari tomonidan yuborildi. Ushbu murojaatlarning 70 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgan.

Xususan, Gruziya Xalq himoyachisi (Ombudsman) bilan olib borilgan hamkorlik natijasida boshqa uchinchi davlatda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Gruziyada qamoqqa olingan fuqaromiz I.Sh.ga nisbatan tanlangan qamoq ehtiyot chorasi uy qamog‘iga almashtirilishiga erishilgan.

Shuningdek, Qirg‘iziston Akiykatchisi (Ombudsman) bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topilib, ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm etilgan jizzaxlik fuqaromizga tayinlangan jazo insonparvarlik tamoyili asosida jarima jazosiga o‘zgartirilib, u sud zalidan ozod etilgan. Shuningdek, Qirg‘iziston Akiykatchisi (Ombudsman) tomonidan hamyurtimizga chet elga chiqish yuzasidan hujjatlar tayyorlashda ham amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bugun taqdim etilgan maʼlumotlar Ombudsmanning faqatgina murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyatiga taalluqli. Navbatdagi brifing Ombudsmanning Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkaziladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati