Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Toshkent viloyatidagi 1-son Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi
Joriy yilning 6 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari vakillari tomonidan Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 1-son Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Monitoring tashrifi davomida hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning Jinoyat-ijroiya kodeksi va “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan huquq va manfaatlari taʼminlanayotganligi holati o‘rganildi.

O‘rganish davomida hibsxonada bir qator kamchiliklar mavjudligi, jumladan, ayrim kameralarda sanitariya-gigiyena holati talab darajasida emasligi, saqlanayotgan shaxslarga sayr uchun yetarli vaqt berilmayotgani hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ayrim eʼtirozlar bildirildi.

Monitoringda ushbu salbiy holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga Ombudsman talabnomasi kiritildi.

Maʼlumki, 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblangan 22 nafar shaxsga nisbatan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatida jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilmoqda. Shu bois, 22 nafar ayblanuvchidan qamoq ehtiyot chorasi tanlanganlari ushbu hibsxonada saqlanmoqda.

Monitoring tashrifi davomida ushbu ayblanuvchilar saqlanayotgan kameralarga, xususan Dauletmurat Tajimuratov saqlanayotgan kameraga ham tashrif buyurildi. Ular bilan jamoaviy va yakka tartibda holi tarzda suhbatlar o‘tkazildi. Unda hibsxonadagi saqlash sharoitlari va oziq-ovqat taʼminotidan eʼtirozlari yo‘qligini maʼlum qilishdi. D.Tajimuratov ham advokati va himoyachisi bilan uchrashuvlarga ruxsat berilayotganligini, biroq hibsxona xodimlari unga huquq va majburiyatlarini yetarli darajada tushuntirishmaganliklari, shu bois hibsxona xodimlariga nisbatan ayrim eʼtirozlarini bildirib o‘tdi.

Olingan maʼlumotlarga ko‘ra va ko‘zdan kechirilgan hujjatlarga asosan D.Tajimuratov 1-son Tergov hibsxonasiga olib kelinganidan so‘ng tashrif kuniga qadar himoyachisi, yaʼni ukasi Renat Tajimuratov bilan 7 marotaba va advokati Sergey Mayorov bilan 2 marotaba holi tarzda uchrashgan.

Shuningdek, tashrif davomida Jinoyat kodeksining 164-moddasida (Bosqinchilik) nazarda tutilgan jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinib, qamoqqa olingan Dilshodjon To‘raxo‘jayev va 251 prim 1-moddasida (Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda gumonlanib, qamoqqa olingan Hasanboy Abdunabiyevlar bilan ham yakka tartibda holi suhbatlar o‘tkazildi.

O‘tkazilgan suhbatlar davomida har ikki shaxs ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlari haqida tarqatilgan xabarlarni tasdiqladi. Xususan, D.To‘raxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, unga nisbatan Namangan viloyati Pop tumani Ichki ishlar bo‘limida va keyinchalik Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilgan. Qiynoqlar natijasida aybiga iqror bo‘lgan va olgan tan jarohatlarini ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yetkazilganligi bo‘yicha ko‘rsatma bermagan. Uning qiynoqqa solingani haqida keyinchalik advokati xabar qilgan. Shuningdek, u ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy qiynoqqa solinganligini tasdiqlovchi asosli dalillari mavjudligini maʼlum qildi.

Shu bois, Ombudsmanning monitoring tashrifi yakunlariga ko‘ra, D.To‘raxo‘jayevning qiynoqqa solinganligi holati yuzasidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishining taʼminlanishi yuzasidan Bosh prokuraturaga nazorat xati kiritildi.

Bunga qadar ham H.Abdunabiyevning advokati tomonidan Ombudsmanga yuborilgan murojaat, Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida ko‘rib chiqilishi yuzasidan Bosh prokuraturaga Ombudsmanning nazorat xati kiritilgan edi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati