Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Andijon viloyatidagi yopiq muassasalardagi sharoitlarni o‘rgandi
2023 yilning 11 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va xodimlarining Andijon viloyatiga qilgan tashrifi doirasida 3-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Unda OAV ham bevosita ishtirok etib, muassasadagi sharoitlar bilan tanishishdi.

Tashrifi davomida, hibsxonaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, qisqa muddatli uchrashuv xonalaridagi sharoitlar o‘rganildi. Shuningdek, mahbus va mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazildi.

Maʼlumot uchun, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish maqsadida 2021 yilda Ombudsman tomonidan 177 ta monitoring tashriflari o‘tkazilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 381 marotabani tashkil etgan. 2023 yilning 1 chorak holatiga esa ushbu ko‘rsatkich 164 tani tashkil etadi. (2022 yil 1-choragida 37 va 2021 yil 1-choragida 22)

Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Shu kunning o‘zida Andijon viloyatidagi Qo‘rg‘ontepa tuman ichki ishlar bo‘limining vaqtincha saqlash hibsxonasi ham ko‘zdan kechirildi. Avvalgi monitoringlarda ushbu hibsxonani qayta taʼmirlash tavsiya qilingan edi. Bu galgi tashrifda hibsxona kapital taʼmirdan chiqqani va bildirilgan tavsiyalar bartaraf etilganiga guvoh bo‘lindi.

Monitoring tashrifi maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash maxsus qabulxonasidagi sharoitlar ham o‘rganilib, tegishli tavsiyalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati