Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Surxondaryodagi shifoxonada IIB xodimi erkakni kishanlab, jismoniy kuch ishlatgani holati bo‘yicha munosabat bildirdi 
Ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali 2023 yilning 12 may kuni tarqalgan ichki ishlar xodimi shifoxonada qo‘li kishanlangan fuqaroni qiynab, uni kaltaklagani aks etgan video Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artikov tomonidan o‘rganildi.

Tasvirda qo‘li bog‘langan erkak boshqa bir ayol shikoyati bilan IIB navbatchilik qismi xodimi tomonidan Muzrabot tumandagi tibbiyot markazida tashkil etilgan alkogol mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktiga olib kelingan.

Videotasvirga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari xizmat kiyimidagi shaxs deraza oynalari panjara bilan to‘silgan xonada qo‘llari bog‘liq holda yotgan shaxsga jismoniy kuch ishlatgan.

O‘zaro janjal paytida qo‘pol muomalada bo‘lgan fuqarolarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish so‘nggi chora sifatida, tegishli normativ-hujjatlarga muvofiq qo‘llanilishi zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi 1-qismiga ko‘ra, insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsiz ekani va hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi aniq belgilab qo‘yilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Ombudsman tomonidan ichki ishlar organi xodimi tomonidan sodir etilgan har bir qonunbuzilish holatlari yuzasidan qatʼiy taʼsir choralari qo‘llanilishini so‘rab Bosh prokuraturaga murojaat qilindi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati