O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston Respublikalarining Ombudsmanlar institutlari vakillaridan iborat delegatsiya a'zolari 2023 yilning 16 may kuni Vengriya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi bilan uchrashishdi. 15 nafar sudiyadan iborat Vengriya Konstitutsiyaviy sudi 1990 yilda tashkil etilgan. Uchrashuvda sud raisi mehmonlarni o‘z faoliyati bilan tanishtirar ekan Ombudsman institutining qator vakolatlariga ham to'xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya Ombudsmani qonunchilikning qo'pol ravishda buzilishi holatini aniqlagan taqdirda Konstitutsiyaviy sudga inson huquqlari manfaatida murojaat qilish huquqiga ega. Mazkur vakolat O‘zbekistondagi Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanda ham mavjud.
Shu kuni Ombudsmanlar Vengriya Respublikasining milliy qamoqxonalar xizmati rahbari bilan ham uchrashishdi. Ma‘lum bo'lishicha, Vengriyada jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari kabi yopiq muassasalar Ichki ishlar vazirligidan mustaqil ravishda tashkil etilgan. Uchrashuvda mahkum va mahbuslarga yaratilgan sharoitlar, ularni kasbga o'rgatish, foydali ishga jalb qilish va amaliyotga joriy etilgan innovatsion texnologiyalar haqida ma‘lumot berildi.
Uchrashuvda harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga Milliy preventiv mexanizm doirasida Ombudsman boshchiligida amalga oshiriladigan monitoring tashriflari borasida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya va Qozog'iston davlatlari tajribalari va erishilgan natijalarga to‘xtalindi.
Vengriya Ombudsmanining markaziy ofisida 150 nafardan ortiq xodimlar faoliyat yuritadi. 2022 yilning mart oylaridan uning 6 da hududda mintaqaviy idoralari ish boshlagan. Tashrifning ikkinchi kuni doirasida mehmonlar 10 nafar hodimdan iborat bo‘lgan Vengriya Ombudsmanining Debretsendagi hududiy ofisida bo‘lishdi. Ushbu ofisda nogironligi bo‘lgan shaxslar murojaatlari bilan ishlovchi alohida bo‘lim tashkil etilgani delegatsiya a'zolari e‘tiborini tortdi.
Shuningdek, tashkil etilgan uchrashuvlarda qochoqlar va aholining ijtimoiy zaif guruhlarining huquqlarini ta'minlashda Ombudsman institutlarning roli hamda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorligi borasida o'zaro tajriba almashildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati