15 yildan buyon ushbu korxonada ishlab kelayotgan ishchilarning yozishicha, u yerda ishchilarga qulay mehnat sharoitlari yaratilmagan. Shuningdek, 2022 yil davomida xodimlarga ish haqqi to‘lash uchun hisoblangan koeffitsiyentlar to‘liq to‘lanmagan. Murojaatchilar qolib ketgan ish haqlarini olishda hamda korxona bilan tuzilgan shartnomaning qonun hujjatlariga muvofiqligini ko‘rib chiqishda yordam so‘rashgan.
Ombudsman mintaqaviy vakili murojaatni nazoratiga olib, Andijon shahar Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi xodimlari bilan o‘rganganida korxonaning ish o‘rinlari attestatsiyadan o‘tkazilmaganligi va xodimlarga noqulay va zararli ish o‘rinlarida ishlaganliklari uchun 2021-2023 yillarda kam miqdorda ish haqlari to‘lab kelganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, mehnat qonunchiligiga ko‘ra, xodimga qo‘shimcha vazifa yuklatilganda va xizmat ko‘rsatish zonasi kengaytirilganda qo‘shimcha ish haqlari to‘lanishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, 10 nafar ishchiga temir va ko‘mirlar tashishdagi qo‘shimcha ishlarni bajargani uchun 2022 yildan hozirga qadar 67 mln so‘m kam ish haqlari to‘langanligi aniqlandi.
Natijada har bir murojaatchiga 6,7 mln so‘mdan ish haqlari to‘lab berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati