Aniqlanishicha, murojaatchining o‘g‘li “Matiz” rusumli mashinani Urganch-Xiva avtomobil yo‘lida o‘z harakat polosasida boshqarib kelayotganida, orqasida yuk ortilgan tirkamasi bo‘lgan “Kobalt” rusumli mashinada katta tezlikda harakatlanib kelayotgan haydovchi X.X. qarama-qarshi yo‘nalishda boshqaruvni yo‘qotib yo‘l transport hodisasini sodir etgan. Natijada “Matiz” rusumli mashinaga 18,5 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.
Murojaatchining yozishicha, sud-tergov jarayonlarida haydovchi X.X.ga emas, balki o‘z harakat polosasidan chiqmagan “Matiz” rusumli mashina haydovchisi javobgarlikka tortilgan. Murojaatchi M.S. sud hukmi ustidan appelyatsiya shikoyatini bergan, lekin, apellyatsiya sudi birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan. Ish Oliy sudgacha borgan va nihoyat apellyatsiya ajrimi bekor qilinib, ish qayta ko‘rish uchun qaytarilgan. Takroriy apellyatsiyada “Matiz” rusumli mashina egasi oqlangan.
Lekin, jinoyat ishining bir qismi Xorazm viloyat prokuroriga yuborilgan bo‘lishiga qaramasdan YTHda aybdor shaxsning javobgarlikka tortish masalasi hal etilmagan. Murojaatchi M.S. bir necha marotaba viloyat prokuraturasiga murojaat qilganida X.X. harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingani to‘g‘risida maʼlum qilingan.
Oradan 6 oy o‘tgach, murojaatchi Ombudsmanning Xorazmdagi mintaqaviy vakiliga murojaat qilgan va holat nazoratga olingan. Ombudsman mintaqaviy vakili Odilbek Olloyorov ish hujjatlarini o‘rganib, tergovchining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risidagi qarori asossiz ekanligini ko‘rsatib, ishni qonuniy ko‘rib chiqish bo‘yicha Xorazm viloyat prokuroriga murojaat qilgan.
Shundan so‘ng, X.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan ayblov hukmi chiqarildi. Bu bilan yo‘l transport hodisasi natijasida yetkazilgan zararlarni fuqarolik ishlarini yuritish tartibida undirish imkoni yaratildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati