Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlarini taʼminlash sohasida davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasidagi navbatdagi ochiq muloqot tafsilotlari
Maʼlumki, 2 yildan buyon Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda inson huquqlarini taʼminlashda davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

2023 yilning 16 iyun kuni davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi navbatdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. “Inson huquqlari va erkinliklarining taʼminlanishida davlat boshqaruvi organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligi: muammolar va ularning yechimlari” mavzusiga bag‘ishlangan mazkur davra suhbati BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekistonda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, Sudyalar oliy Kengashi hamda 10 dan ortiq fuqarolik jamiyati institutlari faollari, jumladan Demokratiya va inson huquqlari instituti, “Madad” nodavlat tashkiloti, “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi, “Yuksalish” umumxalq harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi va boshqa NNTlari vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur davra suhbatini tashkil etishning maqsadi – davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida umumiy muloqot platformasini o‘rnatish orqali aholini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan muhokamalarni o‘tkazish va bu orqali bir qator muammolarga yechim topishdir.

Tadbirda qayd etilishicha, bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali fuqarolarning davlat bilan o‘zaro samarali aloqasini taʼminlash, odamlarning kayfiyatini, mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlarga munosabatini aniqlashning muhim vositalaridan biriga aylanmoqda. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga, fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani ham bu soha rivojiga bo‘lgan katta eʼtiborni ko‘rsatadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Ombudsman instituti fuqarolik jamiyati institutlari bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatilgani va 2 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur platforma orqali ularni yana-da qo‘llab-quvvatlash imkoniyati yana-da kengayib, ochiq muloqot yo‘lga qo‘yilganligini taʼkidlab o‘tdi.

- Yangilangan Konstitutsiyamizda Ombudsman instituti qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekani belgilab qo‘yildi. Aytishim kerakki, biz ushbu yo‘nalishda ham  fuqarolik jamiyati institutlari bilan ishlashga va ular takliflarini o‘rganib, yana-da takomiliga yetkazishga tayyormiz. Shu nuqtai nazardan, davra suhbatida fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan bildirilayotgan taklif va tavsiyalar biz uchun juda muhim.

Matilda Dimovska, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili

- Albatta NNTning inson huquqlarini taʼminlashdagi o‘rni beqiyos va bu davlatning rivojlanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillardan  hisoblanadi. O‘zbekistonda hozirgi kungacha fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab islohotlar amalga oshirildi. Lekin, shunga qaramasdan yana shu sohada ishlash kerak bo‘lgan yo‘nalishlar mavjud. Bugun biz Ombudsman va sud huquq tizimidagi davlat organlari bilan birgalikda Finlandiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan loyihamiz doirasida ushbu masalalarni birgalikda muhokama qilishdan xursandmiz.

Davra suhbatida taʼkidlanishicha, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishda sud mustaqilligini taʼminlash, odil sudlovga erishish, qonuniylikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyati bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflari o‘rganildi.

Qayd etish lozimki, bu kabi muloqotlar inson huquq va erkinliklarini taʼminlash bo‘yicha mavjud kamchiliklarni davlat organlarining vakolatli vakillariga yetkazish va u orqali tegishli sohalarning isloh qilinishiga xizmat qiladi.

Davra suhbati yakunida tadbir ishtirokchilari tomonidan insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini yana-da taʼminlash orqali ularning fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga sud jarayonlarida teng imkoniyatlar yaratish, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan qonunchilikda imtiyozlar yaratish yuzasidan takliflar berildi. 

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati