Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Dilshod To‘raxo‘jayevning qiynoqlar bo‘yicha Prezidentga murojaati yuzasidan Ombudsman rasmiy munosabati
Maʼlumki, ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkor Dilshod To‘raxo‘jayevning qiynoqlar bo‘yicha Prezidentga murojaati keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Qayd etish lozimki, D.To‘raxo‘jayevning qiynoqqa solingani bo‘yicha dastlabki xabarlar tarqalishi bilan, yaʼni 2023-yil 6 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari aʼzolari 1-son Tergov hibsxonasiga borib, u bilan holi tarzda suhbatlashgan.

O‘tkazilgan suhbatlar davomida D.To‘raxo‘jayev unga nisbatan Namangan viloyati Pop tumani Ichki ishlar bo‘limida va keyinchalik Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilgani, qiynoqlar natijasida aybiga iqror bo‘lganini maʼlum qilgan.

Shu kunning o‘zida D.To‘raxo‘jayevning qiynoqqa solinganligi holati yuzasidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishini taʼminlash yuzasidan Bosh prokuraturaga Ombudsman talabnomasi kiritilgan edi.

Hozirda prokuratura organlari tomonidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari yakunlanmagani sababli, Ombudsman talabnomasiga yakuniy javob taqdim etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsmanning tergov-surishtiruv harakatlarini o‘tkazish vakolati yo‘q. Ombudsmanga yuborilgan qiynoqqa oid murojaatlar Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq o‘rganib chiqish va tegishli chora ko‘rish bo‘yicha Bosh prokuraturaga yo‘naltiriladi.

D.To‘raxo‘jayevning advokati tomonidan o‘qib eshittirilgan murojaatda tadbirkorning sog‘lig‘i yomon ekanligi, unga malakali shifokor yordami hamda MRT va UZI tekshiruvlaridan o‘tkazilishi kerakligi bayon etilgan. Shu bois, 2023-yil 15-iyun kuni Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari aʼzolari 1-son Tergov hibsxonasiga tashrif buyurib, D.To‘raxo‘jayev bilan uchrashdi va holi tarzda suhbat o‘tkazishdi.

D.To‘raxo‘jayev 1-son Tergov hibsxonasi xodimlari va sharoitdan shikoyati yo‘qligi, faqat to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmaganligi, unga nisbatan qiynoq qo‘llanilgani bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari cho‘zilayotganligi va uni qiynoqqa solgan xodimlarga nisbatan chora ko‘rilmayotganidan shikoyat qildi.

Ombudsman tomonidan D.To‘raxo‘jayevga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi va tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishini tashkillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, uning shikoyati bo‘yicha Bosh prokuraturaga Ombudsmanning nazorat xati chiqarildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati