Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Andijondagi tergov hibsxonasiga o‘rnatilgan Ombudsman qutisiga 2 haftada 12 ta murojaat kelib tushgan
2023 yilning 6 iyun kuni Andijon viloyatidagi 3-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirilib, mazkur muassasada saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi.

Dastlab, muassasada saqlanayotgan shaxslarga yaqin qarindoshlari tomonidan yo‘qlov, dori-darmon mahsulotlari berish, muassasaga tashrif buyuruvchilarga ruxsatnoma yozib berish hamda fuqarolar kutish zalini o‘z ichiga qamrab olgan bino ko‘zdan kechirildi. 2023 yilning may oyida foydalanishga topshirilgan mazkur binoda fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilgani aniqlandi.

O‘rganish davomida tergov hibsxonasiga tashrif buyurgan fuqarolar bilan suhbatlashilib, ular fikrlari o‘rganildi.

Bundan tashqari hibsxona oshxonasi o‘rganilganda, mazkur joyda yollanma ishchi hamda xo‘jalik ishlarini bajarish uchun qoldirilgan turkumda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar xizmat olib borayotgani, mahsulotlari sifatli saqlanayotgani va tasdiqlangan menyu asosida taomlar tayyorlanayotgani maʼlum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, tergov hibsxonasiga o‘rnatilgan Ombudsman qutilari ko‘zdan kechirildi. Tartibot binolariga jami 3 dona

Ombudsman qutilari o‘rnatilgan bo‘lib, ular belgilangan tartibda muhrlangan va qulflangan hamda mahkum va mahbuslar borishi mumkin bo‘lgan va kameradan holi joylarga o‘rnatilgan. Mazkur Ombudsman qutilari ochib ko‘rilganda, ularda jami 12 nafar shaxslardan kelib tushgan murojaatlar borligi aniqlanib, ariza mualliflari bilan tergov hibsxonaning o‘zida suhbat olib borildi. 10 nafar fuqaroning murojaatlari sud jarayonlariga taalluqli bo‘lganligi sababli, mahbuslarga huquqiy tushuntirish va tavsiyalar berildi. Bir nafar mahbusga tibbiy yordam ko‘rsatildi, yana bir mahbus advokati bilan ko‘rishishda amaliy yordam so‘radi va bu haqida zudlik bilan uning advokati xabardor qilindi.

Monitoring yakunlari bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati