Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Parlament komissiyasida Ombudsmanning qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va oldini olish borasidagi axboroti eshitildi
Maʼlumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Oliy Majlis palatalariga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yakuni va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan har chorakda axborot kiritib boradi.

Joriy yilning 21 iyul kuni Ombudsmanning 2023 yil birinchi yarim yillikda amalga oshirgan monitoring tashriflari yakuni bo‘yicha tayyorlangan tahliliy maʼlumot Parlament Quyi palatasi Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, 2023 yil 1-yarim yilligida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 348 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. 2022 yilning  1-yarim yilligida bu ko‘rsatkich 156 marotabani tashkil etgan.

Ombudsman boshchiligida o‘tkazilgan monitoring tashriflarida Jamoatchilik guruhlari tarkibida xalqaro va mahalliy NNT, OAV, bloger, psixolog, pedagog va tibbiyot xodimlari ishtirok etishgan.

Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida Ombudsman tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralarga 5 ta talabnoma, 3 ta taqdimnoma, 3 ta xulosa va 3 ta tahliliy axborot hamda Oliy Majlis palatalariga 2 ta tahliliy maʼlumotlar kiritilgan.

Yig‘ilish yakunida komissiya aʼzolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan amalga oshirilgan monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishida parlament nazoratini kuchaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi hamda ko‘rib chiqilgan mazkur masala yuzasidan Parlament komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati