Qolaversa, Davlat rahbarining 2021 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Ombudsmanning eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardorlik darajasi past ekanini ko‘rsatdi. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Navbatdagi “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi tadbirlar 2023 yilning 31 iyul kuni Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani “Markaz” MFY Madaniyat istirohat bog‘ida tashkil etildi. Bu galgi tadbir doirasida dastlab, Ombudsman sayyor qabuli, band bo‘lmagan fuqarolar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlari mehnat yarmarkasi, aholi uchun tor doiradagi mutaxassislar ishtirokida tibbiy ko‘rik, fuqarolarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va imkoniyatlar bo‘yicha xabardorligini oshirishga qaratilgan ko‘rgazma tashkil etildi.
Bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlari mehnat yarmarkasida Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi vakillari tomonidan 450 ga yaqin vakant ish o‘rinlari taklif etildi. 4 nafar fuqaro ishga joylashdi, yana 8 nafar fuqaroga yo‘llanma berildi. Shuningdek, fuqarolarga mehnat qonunchiligi yuzasidan huquqiy maslahatlar ham berildi.
Shuningdek, “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida fuqarolar tor doiradagi shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda foydalaniladigan zaruriy tibbiy asbob- uskunalar va boshqa anjomlar bilan jihozlangan mikroavtobuslarda shifokorlar fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, sog‘lig‘ini tiklashga doir zaruriy tavsiyalar berishdi.
Tadbirda fuqarolarga yangi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlardan aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan tarqatma materiallar ham tarqatildi.
“Ombudsman maktabi” doirasidagi asosiy tadbir “O‘zbekistonda mehnat munosabatlari, kambag‘allikni qisqartirish hamda xotin- qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish masalalari” mavzusiga bag‘ishlandi. 200 dan ortiq fuqarolarni qamrab olingan tadbir ochiq muloqot tarzida tashkil etildi.
Tadbirdan so‘ng, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning fuqarolar qabuli ham tashkil etildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati