Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman doimo aloqada va ochiq faoliyat olib bormоqda
Ijtimoiy tarmoqlarda “Mahkum joniga qasd qilgani aytilmoqda” nomli xabar tarqaldi. Unda Qashqadaryo viloyatidagi 10-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo o‘tayotgan Q.Sh. lezviya yutish yo‘li bilan o‘z joniga qasd qilgani, Q.Sh.ning ukasiga ko‘ra, uning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun karserdan chiqarilib, tibbiyot bo‘limiga olib kelinganligi, va go‘yoki Ombudsman yoki GUIN (JIED) bilan aloqa bo‘lganida masala haqida avvalo ularga xabar berilishi va ijtimoiy tarmoqqa chiqarilmasligiga urg‘u berilgan (keyinchalik ushbu xabar joylashtirgan shaxs tomonidan nomaʼlum sabablarga ko‘ra olib tashlangan).

Xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishidan avvalroq, Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari aʼzosining qo‘l telefoniga xabarda qayd etilgan mahkum Q.Sh.ning akasi qo‘ng‘iroq qilib, telefon raqamini yuqoridagi xabarni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan shaxs berganligi va qo‘ng‘iroq qilishni tavsiya qilganligi aytgan hamda akasi mahkum Q.Sh. haqida yuqoridagi maʼlumotni berib, ushbu masalada amaliy yordam so‘ragan.

Suhbatdan so‘ng, xabarni qabul qilgan Jamoatchilik guruhlarining aʼzosi bu haqida Ombudsman xodimlariga xabar bergan va holat Ombudsman tomonidan nazoratga olingan holda o‘rganilgan.

O‘rganishlar davomida, olingan dastlabki maʼlumotga ko‘ra mahkum Q.Sh. 2023 yil 22 va 26 sentyabr kunlari koloniya xodimlariga yot jism yutib yuborganligini aytgan. U darhol tibbiyot bo‘limiga olib borilib, rentgen tekshiruvidan o‘tkazilganida qorin bo‘shlig‘i va oshqozon ichak traktida yot jism aniqlanmagan.

Ombudsman tomonidan Jamoatchilik guruhlari aʼzosiga kelib tushgan ushbu xabarni nazorat tartibida o‘rganish va holatga qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga so‘rov xati kiritildi.

Qayd etish joizki, qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan shaxslar yuzasidan Ombudsman xodimlari va Jamoatchilik guruhlari aʼzolariga kelib tushgan xar bir maʼlumot va xabar Ombudsman tomonidan nazoratga olingan holda o‘rganilishi taʼminlanadi.

Shuningdek, Ombudsmanga ombudsman.uz  sayti orqali murojaat qilish mumkinligi va unda xodimlar bilan aloqa o‘rnatish uchun xizmat telefon raqamlari ham ko‘rsatilganligini takroran maʼlum qilamiz.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati