Forum doirasida yaratilgan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi umumiy muloqot platformasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi hamda 2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi ijrosini taʼminlash hamda NNTlarning inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha jamoatchilik nazoratini olib borish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda qayd etilishicha, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida 2021-2022 yillarda qonun ustuvorligi, norma ijodkorligi sifati, hukumat faoliyati samaradorligi, so‘z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari kabi xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yaxshilanib bormoqda. Jami 24 ta reytingning 15 tasida O‘zbekistonning o‘rni yuqorilagan va 3 ta reytingda davlatimiz ilk marotaba eʼtirof etildi.
Forumda ko‘tarilgan masalalar muhokamasi ikki shoʻbada davom etdi. Unda o‘nga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlari vakillarining sohaga oid nutqlari tinglandi. Xususan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va rolini oshirish, bolalar huquq va manfaatlarini taʼminlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarga teng sharoitlar yaratish, OAVning erkinligini taʼminlash, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning lozim darajada bajarilishida inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlar, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini mustahkamlash masalalari eʼtibor markazida bo‘ldi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati