Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir kuni kecha Anidjon viloyatining Shaxrixon tumanida o‘tkazildi. Unda tumandagi “Abdusamad”, “Yakka tut”, “O‘zbekiston”, “Navro‘z”, “Yangiobod”, “Teraktagi” “Nomozgoh” MFYlarida yashovchi 250 nafarga yaqin fuqarolar qamrab olindi.
Fuqarolar bilan erkin muloqot shaklida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob olishdi. Tadbirda bolalar nafaqasini olish tartibi, uy-joy va moddiy yordam olish hamda boshqa ijtimoiy masalalar ko‘tarildi.
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnora Abduvohidovaning fuqarolar murojaatlarini qabul qildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati