Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir 2023 yilning 17 noyabr kuni Navoiy viloyatining Karmana tumani, “Ko‘hna Qo‘rg‘on” mahallasida tashkil etildi.
Uchrashuvda ishtirok etgan masʼul idora vakillari fuqarolarni ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan imtiyozlar, bolalar nafaqasining tayinlanish tartibi, aholi bandligini taʼminlash borasidagi islohotlar bilan tanishtirishdi.
Fuqarolar bilan bo‘lgan ochiq muloqotda, Ombudsmanga ushbu hududdan yuborilayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Loyiha doirasida Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakilining sayyor qabuli ham tashkil etildi. Qabulda salkam 20 nafar fuqarolarning murojaatlari qabul qilindi. Ularning 9 tasiga huquqiy maslahatlar berilgan bo‘lsa, qolgani o‘rganish uchun vaqt talab etilishi sababli nazoratiga olindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati