Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir 2023 yilning 22 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanida tashkil etildi. Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan mazkur tadbirda “Gulzor”, “Tor yop”, “Navoiy” va “To‘lqin” mahallalaridan 150 nafardan ortiq fuqarolar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda ishtirok etgan masʼul idora vakillari fuqarolarni ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan imtiyozlar, bolalar nafaqasining tayinlanish tartibi, aholi bandligini taʼminlash borasidagi normativ-huquqiy hujjatlar mazmuni bilan tanishtirishdi.
Fuqarolar bilan bo‘lgan ochiq muloqotda, Ombudsmanga ushbu hududdan yuborilayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Loyiha doirasida Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili fuqarolar qabulini tashkil etib, ular murojaatlarini o‘rgandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati