Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qozog‘istonda oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash masalalari jahon davlatlari ombudsmanlari ishtirokida muhokama qilindi
2023 yilning 24 noyabr kuni Ostonada “Oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash: muammolar va yechimlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda inson huquqlari sohasidagi xalqaro ekspertlar, Yevroosiyo Ombudsmanlar Alyansi vakillari hamda qator davlatlar Ombudsmanlari, nodavlat va xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi davlat organlari vakillari ishtirok etishdi.

Oiladagi zo‘ravonlikning asosiy sabablari va ularga qarshi kurashish borasidagi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsad qilingan ushbu xalqaro tadbirda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya, Fransiya, Armeniya, Serbiya davlatlarining ilg‘or tajribasi o‘rganildi.

Konferensiyada so‘z olgan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari Bekzod Narimonov mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida xalqaro jamoatchilikni xabardor qildi. Shuningdek, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashga oid tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni izchil ravishda takomillashtirish va Ombudsman institutining rolini oshirishga oid amaliy takliflarni ilgari surdi.

Tadbir ishtirokchilari oila masʼuliyati yoshlarga tushuntirish, ularning turmush tarzini yaxshilash, profilaktik choralarning samaradorligini oshirish, oiladagi zo‘ravonlikni aniqlash va oldini olishda zamonaviy raqamli yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga ijtimoiy yordam va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi inqiroz markazlari va oilani qo‘llab-quvvatlash institutlari faoliyati tahlil qilinib, tavsiyalar ishlab chiqildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati