Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
”Chirchiq IIBdan yosh yigitning o‘ligi chiqdi” nomli xabar o‘rganilmoqda-Ombudsman
2023 yilning 2 dekabr kuni soat 00:35 da mahalliy Kengash deputati Jahongir To‘laganov telegram ijtimoiy tarmog‘ida Toshkent viloyati Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergov hibsxonasidan 2001 yilda tug‘ilgan yigit o‘zini osgan holda topilgani haqida xabar eʼlon qildi. Unda yozilishicha, o‘g‘rilik jinoyatida gumonlanib qamoqqa olingan yigit 1 dekabr kuni soat 02:30 larda o‘zini osgan holda topilgan. 

Yigitning o‘zini osgani aytilgan bo‘lsa-da, uning burni singani va tanasida jarohatlar borligi aniqlanganligi xam xabarda aytib o‘tilgan.

Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan nazoratga olinib, ishga taalluqli maʼlumotlar so‘rab olindi. Ishga oid hujjatlar o‘rganilmoqda.

Maʼlum bo‘lishicha, holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va marhumga sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

To‘plangan hujjatlar o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun viloyat prokuraturasiga yuboriladi va yuqoridagi holat yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot beriladi.

Ombudsman yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishini nazorat qiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati