Ombudsmanga yuborilayotgan fuqarolar murojaatlari tahlili aholining mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan huquq va imtiyozlardan bexabar ekanliklarini ko‘rsatdi. Shu nuqtai nazardan, Ombudsman o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Inson huquqlari sohasidagi taʼlim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishining kafolatidir.
Maʼlumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublika bo‘yicha jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun jami 90 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda 21,5 ming nafar o‘quvchilar taʼlim-tarbiya oladi.
Shu nuqtai nazardan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Bolalar ombudsmani bilan hamkorlikda jamiyatda nogironligi bo‘lgan bolalar taʼlimiga bo‘lgan eʼtiborni kuchaytirish, ularning huquq sohasiga bo‘lgan qiziqishini hamda bilimlarini oshirish maqsadida imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida “Huquq bilimdoni” Ombudsman viktorinasiga start berildi.
2 bosqichdan iborat ushbu Viktorinada Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan tayanch harakati shikastlangan bolalar uchun maktab-internatlarining 750 nafarga yaqin o‘quvchilari qamrab olindi.
2023 yilning 14-15 dekabr kunlari Angren shahridagi 34-sonli va Qo‘qon shahridagi 9-sonli va Olmazor tumanidagi 100-sonli tayanch harakati shikastlangan bolalar uchun maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida “Huquq bilimdoni” Ombudsman viktorinasining 1-bosqichi o‘tkazildi.
1 bosqichda konkurs ishtirokchilari huquq sohasi bo‘yicha 30 ta test savollariga javob berishdi. Test javoblari hakamlar hayʼati tomonidan tekshirilib, har bir hududdan eng yuqori ball to‘plagan 3 nafardan ishtirokchilar aniqlandi. Ushbu o‘quvchilar 2 bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
Viktorinaning yakuniy II bosqichi Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati