Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman BMT tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazdi
BMT tomonidan Jenevada o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida joriy yilning 15 dekabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova BMTning Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha turlarini bartaraf etish qo‘mitasi aʼzosi Karolina Xarvey bilan uchrashdi.

O‘zaro muloqot davomida Ombudsman O‘zbekistonning bolalar va xotin-qizlarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatiga to‘xtalib, qonunchilik asoslarining mustahkamlangani, qolaversa, ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan imtiyozlar hamda 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining amalga oshirilayotgani va bu o‘zining samarasini berayotganini maʼlum qildi.

Shuningdek, uchrashuvda Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi, xotin-qizlardan yuboriladigan murojaatlarda ko‘tariladigan masalalar, jamoatchilik guruhlari bilan jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkazilayotgan monitoring tashriflari va yopiq muassasalarda saqlanayotgan ayollarga yaratilgan sharoitlar haqida so‘z bordi.

Karolina Xarvey xotin-qizlar huquqlarini taʼminlashdagi Ombudsman institutining o‘rniga to‘xtalar ekan, bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlarni eʼtirof etdi. Xususan, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yana-da takomillashtirilgani, oilaviy zo‘ravonlik uchun jazo choralari belgilanganligini yuqori baholadi.

Suhbat davomida K. Xarvey Ombudsman tomonidan BMTning xalqaro Konvensiyalar ijrosi bo‘yicha muqobil maʼruzalar kiritish amaliyotining yo‘lga qo‘yilganini ijobiy baholab, bu borada hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Shu kuni Ombudsman BMT nogironlar huquqlari qo‘mitasi Kotibiyati mudiri Jorj Aray hamda “UPR Info”nohukumat tashkilotining masʼullari bilan ham uchrashdi.

Dastlab suhbatdoshlarga, “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga teng imkoniyatlar yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi. Xususan, 2020 yilda yangi tahrirdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilingani va Davlat rahbarining xalqaro tashabbusi doirasi Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilingani va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

O‘zaro muloqot davomida Ombudsmanning nogironligi bo‘lgan shaxslarga teng imkoniyatlar yaratish borasidagi o‘rganishlari, harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarning ham imkoniyati cheklangan shaxslarga moslashtirilishi borasida Ombudsman tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi va nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan yuborilayotgan murojaatlar tahlili haqida ham fikr almashildi.

Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning nogironligi bo‘lgan shaxslarga teng imkoniyatlar yaratishdagi xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha ilgarilab borayotganini eʼtirof etib, qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan parlament nazoratini olib borayotgan Ombudsman instituti bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.

O‘zbekistonda Ombudsman institutining huquq va vakolatlari kengayib borayotgani, xususan, unga qonunchilik tashabbusi huquqi berilgani, nafaqat mazkur institutining, balki barcha nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham yutug‘idir- dedi BMT nogironlar huquqlari qo‘mitasi Kotibiyati mudiri Jorj Aray.

O‘zaro do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvlarda tomonlar istiqbolda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlash yuzasidan fikr almashishdi.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman Jenevaga tashrifi doirasida BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi kotibiyati rahbari X.Leoz Invernon bilan ham uchrashgan edi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati