Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir Samarqand shahridagi “Fidoiylar” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazildi. Ushbu mahallada 3,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qilsa, ularning 2830 nafardan ortig‘ini lo‘li millatiga mansub. Shundan 1415 nafari ayollar, 849 nafari erkaklar va 566 nafar yoshlarni tashkil etadi.
Tadbirda masʼul idoralar vakillari ishtirokchilarni mamlakatimizda ijtimoiy sohada olib borilayotgan tub islohotlar, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, erta nikohlarni olidini olish va nikohdan o‘tish tartibi, moddiy yordam hamda nafaqa olishdagi davlat tomonidan aholiga yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar bilan tanishtirishdi.
Shu bilan birgalikda ushbu hududlardan Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbirdan so‘ng, Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakil fuqarolar murojaatlarini qabul qildi. Shu kuni 2 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolar murojaatlari o‘rganilib, ularga Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan 1 ta nogironlik aravachasi va quloq uchun eshitish moslamalari berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati