Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qoraqalpog‘istondagi narkologik bemorlarga yaratilgan sharoitlar amalda yaxshilanmadi – Ombudsman
Maʼlumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga, jumladan  majburiy davolash tibbiyot muassasalari, «Saxovat» va “Muruvvat” uylariga ham muntazam ravishda monitoring tashriflari amalga oshiriladi. Ushbu tashriflar jarayonida aniqlangan kamchiliklar Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra muassasalar rahbariyati tomonidan darhol bartaraf etiladi. Baʼzi hollarda esa tegishli davlat tashkilotlariga Ombudsman tomonidan taqdimnomalar kiritilib, kamchiliklarni tuzatish yuzasidan choralar ko‘rilganligi haqida tushuntirish xatlari olinadi. Ahamiyatlisi shundaki, ushbu xatlarda keltirilgan vajlar, albatta, joyiga chiqib qayta o‘rganiladi.

Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Taxiatosh tumani filialida o‘tkazilgan monitoring tashriflarida u yerda saqlanayotgan bemorlarga yaratilgan sharoitlar belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan edi.

Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2 marotaba Ombudsman taqdimnomasi kiritilgan.

Vazirlikning javob xatiga ko‘ra, 2018–2020 yillar mobaynida ushbu muassasani taʼmirlash uchun jami 1,6 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘ hisobiga taʼmirlash ishlari olib borilgan. Bemorlar uchun esa 725,2 mln.so‘mdan ortiq mablag‘ga kerakli qattiq va yumshoq inventarlar xarid qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, ushbu muassasani rekonstruksiya qilish ishlari uchun 10,0 mlrd.so‘m mablag‘ ajratish belgilangan.

Mazkur javob xatida Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani filialini boshqa binoga ko‘chirilishi bo‘yicha choralar amalga oshirilayotganligi qayd etilgan.

2023 yil oxirida Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili ushbu muassasaga qayta monitoring tashrifini amalga oshirdi. Tashrifda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi va vakillari ishtirok etdi. Tashrif davomida tibbiyot markazida bemorlarga yaratilgan sharoitlar bartaraf etilmagani maʼlum bo‘ldi. Xususan, o‘rganish kuni 75 nafar shaxsga mo‘ljallangan muassasada 157 nafar bemor davolanayotgani aniqlangan.  

Shuningdek, muassasa binosi to‘liq kapital taʼmirtalab holda bo‘lib, hududda obodonlashtirish ishlari olib borilmaganligi va bemorlarni ochiq havoda sayr qilish maydoni ham talab darajasida emasligi, filialning barcha qavatlaridagi yuvinish xonalarida issiq suv mavjud emasligi, davolanish xonalarida krovatlar zich joylashtirilganligi va asbob-uskunalarning yaroqsiz holatda ekanligi, hattoki, ovqatlanish xonasi tashkil etilmagani, maxsus idishlarning yo‘qligi sababli bemorlarning ovqatlanishi uchun o‘zlari tomonidan olib kelingan idishlardan foydalanayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Monitoring davomida Ombudsmanning mintaqaviy vakili darhol elektr isitish qurilmasining almashtirilishini talab qilgani sababli, issiq suv masalasi joyida hal etildi.  

O‘rganishlar tegishli masʼullarning eʼtiborsizligi oqibatida muassasadagi bemorlar noqulay sharoitlarda davolanishga majbur bo‘layotganligini ko‘rsatmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman tegishli masʼul vazirlikni zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqiradi hamda ushbu muassasaga ajratilgan mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanganlik holatini o‘rganishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati