Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
2023 yilda Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlash tizimi to‘liq raqamlashtirildi.  Ombudsmanning 2023 yilgi faoliyati dastlab Komissiya yig‘ilishida muhokama qilindi
2024 yilning 25 yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzolarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Ombudsman huzurida tuzilgan Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari va OAV vakillari ham ishtirok etishdi.

Yig‘ilishida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2023 yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi

Maʼlumki, Ombudsman faoliyati to‘g‘risidagi hisobot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida har yili eshitiladi. Bundan avval esa nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzolari bilan birgalikda muhokama qilinadi.

Tadbirda so‘z olgan Ombudsman F.Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning murojaatlar bilan ishlash tizimi Davlat rahbarining 2023 yil 25 maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq to‘liq raqamlashtirildi. Hozirda murojaatchilarga yana qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida Ombudsmanning mobil ilovasi ustida ishlanmoqda. Unda fuqarolarga onlayn maslahat berish, murojaatning ijro holatini  onlayn ravishda monitoring qilib borish, mobil ilova orqali murojaat ijrosi yuzasidan tegishli tashkilotlardan yuborilgan javob xatlari, statistik maʼlumotlar bilan tanishish, so‘rovnomalar o‘tkazish kabi xizmatlar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, 2023 yilda Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar 18622 tani tashkil etgan. (2022 yilda 17761 ta). Jami murojaatlarning 15 934 tasi fuqarolardan, 2 662 tasi  mahkum va mahbuslar hamda ularning yaqinlaridan, 26 tasi chet el fuqarolari va xorijiy davlatlar Ombudsmanlaridan kelib tushgan.

Hisobot yilida Ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlari va sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 170 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar, jumladan 35 ta taqdimnoma, 37 xulosa va 98 ta ariza va daʼvo arizalar kiritilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 28 foiz, 2021 yilga nisbatan 81 foizga ko‘pdir.

Ombudsman tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish va taʼsir choralarini qo‘llash natijasida fuqarolar hamda mahkum (mahbus) va ularning yaqinlari manfaatida jami 2,1 mlrd so‘m undirilgan. Shundan, 1,1 mlrd so‘m ish haqi va mehnat munosabatlariga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 2 barobarga ko‘p.

Shuningdek, 38 nafar fuqaro ishga tiklangan (2022 yilda 13 nafar), 23 nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan (2022 yilda 4 nafar), Ombudsman murojaatiga asosan Davlat mehnat inspeksiyalari tomonidan sudlarga 11 ta daʼvo arizalari kiritilgan.

Ombudsman Komissiya aʼzolariga Vakilning murojaatlar bilan ishlash, qiynoqlarni oldini olish, monitoring va huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va OAV bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyati bilan tanishtirdi.

Yig‘ilish davomida majlis kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan aniq takliflar bildirildi va komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati