Aniqlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tuman sudining 2023 yil noyabrdagi hukmiga ko‘ra murojaatchi P.D. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 1 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan va sud zalidan qamoqqa olingan.
Murojaatchi, arizasida hozirda aliment bo‘yicha qarzdorligi to‘liq qoplanganligini maʼlum qilgan.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, sudlanuvchi P.D.ga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash haqida sudga Ombudsman xulosasi kiritildi.
Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining 2024 yil 5 fevraldagi ajrimi bilan sudlanuvchi P.D.ga 2 oy 15 kun ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi va u hozir oilasi bag‘rida.
Taʼkidlash lozimki, 2023 yilda Ombudsmanga aliment undirish bo‘yicha 300ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ular soni 2022 yilga nisbatan 17,8 foizga oshgan.
Ushbu murojaatlarning o‘rganilishi natijasida Ombudsman tomonidan xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 80,7 mln so‘mlik aliment to‘lovlarining undirilishi taʼminlandi.
Shuningdek, Ombudsmanning tegishli davlat idoralariga murojaat qilishi natijasida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 5 nafar shaxsga 15 sutkaga maʼmuriy qamoq jazosi qo‘llanilgan bo‘lsa yana 3 ta holatda qarzdorlar jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasida, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanliklari belgilangan.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan farzandining taʼminoti uchun alimentlarni o‘z vaqtida to‘lamagan shaxslarga 15 sutka qamoq yoki BHMning 20 baravari miqdorida jarima, shuningdek, 120 soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi qo‘llanishi mumkin.
Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Qarzdorlarga nisbatan maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng ham aliment to‘lash majburiyati bajarilmasa, bu ularni jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmat