Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning 2023-yilgi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar yig‘ilishlarida ko‘rib chiqildi
2024-yilning 12-fevral kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, “Adolat” SDP hamda O‘zLiDeP fraksiyalari yig‘ilishlarida eshitildi.

Qayd etilishicha, Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar 2023-yilda 18622 tani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich, 2022-yilda 17761 tani tashkil etgan.

Ombudsman tomonidan fuqarolar hamda mahkum (mahbus) va ularning yaqinlari manfaatida undirilgan va undirilishi belgilangan mablag‘lar 2 mlrd 150 mln so‘mni tashkil etgan. Shundan, 910,6 mln so‘m fuqarolarning, 187 mln so‘m mahkumlarning ish haqi va mehnat munosabatlariga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, 38 nafar fuqaro ishga tiklangan, 23 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan, Ombudsman murojaatiga asosan Davlat mehnat inspeksiyalari tomonidan sudlarga 11 ta da’vo ariza kiritilgan, 10 nafar fuqaroning o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashilgan. 

Shuningdek, Fuqarolarning qarzdorligi, moddiy va ma’naviy hamda sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar va boshqa to‘lovlar bo‘yicha 404,2 mln so‘m undirilgan bo‘lsa, Ombudsman ko‘magida murojaatchilarga jami 546,7 mln so‘mga yaqin moddiy yordam, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun subsidiya va boshqa turdagi moliyaviy yordam ajratilgan. 

2022-yilda 45,4 mln so‘m aliment to‘lovlari undirilgan bo‘lsa, 2023-yilda ko‘rsatkich sal kam 1,8 barobarga oshib 80,7 mln so‘mni tashkil etgan. 13 mln so‘mga yaqin noreal qarzdorlik o‘chirilishida hamda ma’muriy jarima bekor qilinishida ko‘maklashildi. Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra 17 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning ijtimoiy uy ajratish, mol-mulk va yer solig‘idan ozod etish, turar joy kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, nogironlik guruhini belgilash va ishsizlik nafaqalarini tayinlash bo‘yicha murojaatlari hal  etildi.

Fraksiya yig‘ilishlarida deputatlarga Ombudsmanning qiynoqlarni aniqlash va ularning oldini olish, huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishidagi faoliyatlari yuzasidan ham ma’lumotlar berildi.

Atroflicha muhokamalardan so‘ng, fraksiyalar yig‘ilishlarida Ombudsman faoliyati to‘g‘risidagi hisobot ma’qullandi. Ombudsmanning 2023 yilgi hisoboti Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida tasdiqlanadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati