Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida Ombudsmanning 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi
2024 yil 13 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ning 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Ombudsman F.Eshmatova axborot berdi.

Taʼkidlanganidek, o‘tgan davrda Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, qonunchilikni va normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha tishimli monitoringlar olib borilgan. Shuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish, mintaqaviy vakillari faoliyati, Ombudsman faoliyatining ochiqligi va shaffofligi hamda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish kabi yo‘nalishlarda qator ishlar amalga oshirilgan.

Hisobot yilida Ombudsman nomiga 18622 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 15 934 tasi fuqarolardan, 2 662 tasi mahkum va mahbuslar hamda ularning yaqinlaridan, 26 tasi chet el fuqarolari va xorijiy davlatlar Ombudsmanlaridan kelib tushgan.

Vakil tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari hamda sudlarga 170 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjat kiritilgan.

O‘tgan yilda Ombudsman tomonidan sudlarga kiritilgan salkam 100 ta ariza va daʼvo arizalarining 98  foizi qanoatlantirilgan. Ombudsman kotibiyati xodimlari ham aholi murojaatlari va so‘rovlari asosida sud majlislarida 249 marotaba kuzatuvchi sifatida ishtirok etishgan.

Ombudsman tomonidan fuqarolar hamda mahkum (mahbus) va ularning yaqinlari manfaatida undirilgan va undirilishi belgilangan mablag‘lar 2 mlrd 150 mln so‘mni tashkil etgan. Shundan, 910,6 mln.so‘m. fuqarolarning, 187 mln so‘m mahkumlarning ish haqi va mehnat munosabatlariga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, 38 nafar fuqaro ishga tiklangan, 23 nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan, Ombudsman murojaatiga asosan Davlat mehnat inspeksiyalari tomonidan sudlarga 11 ta daʼvo ariza kiritilgan, 10 nafar fuqaroning o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashilgan.

2023 yilda Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 12 ta  jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 1 ta holatda jinoyat ishi qayta malakalangan. 57 ta holatda jinoyat ishi ko‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorlar tegishli prokurorlar tomonidan bekor qilingan. 5 nafar masʼul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 29 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llangan va 17 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Shu bilan birga, Ombudsman hamda Vakil boshchiligidagi  Jamoatchilik guruhlari tomonidan o‘tgan yilda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 603 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgani aytib o‘tildi. Tashriflar chog‘ida aniqlangan ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda salbiy holatlarning hanuzgacha saqlanib qolinayotgani aniqlangan. Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taqdimnomalari kiritilgan.

Vakil tomonidan turli ijtimoiy tarmoqlarda ayrim salbiy holatlar yuzasidan tarqalgan xabarlar ham nazoratga olinib, o‘rganilgani qayd etildi. Xususan, bu bo‘yicha Ombudsmanning mutasaddi vazirlik va idoralarga  talabnomalari doimiy kiritib borilgan.

Majlisda Ombudsmanning huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishidagi faoliyatlari yuzasidan ham maʼlumotlar berildi.

Deputatlar Ombudsmanning 2023 yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan hisobotni tinglar ekan, qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar soni va sifati o‘sib borayotganini ijobiy ko‘rsatkich sifatida qayd etishdi. Shu bilan birga, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar ijobiy yechim topayotgani alohida eʼtirof etildi.

Majlis yakunida deputatlar tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi. Xususan, xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimiz huquqlarini taʼminlash, zarur hollarda ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yana-da kengaytirish, bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Ombudsman faoliyatida samarali va yangi mexanizmlarni tatbiq etishga qaratilgan takliflar ilgari surildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati