Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Asossiz qarzdorlik bo‘yicha murojaatlar hal etildi – Ombudsman
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Namangan viloyatidan fuqaro M.N. elektr taʼminotidan noreal qarzdorlik hisoblangani bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumani elektr taʼminoti ustidan shikoyat qildi.

Murojaat Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi. Aniqlanishicha, Yangiqo‘rg‘on tumani elektr taʼminoti korxonasi xodimi 2023 yil 14 dekabr kuni fuqaro M.N.ga nisbatan elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanganlik to‘g‘risida dalolatnoma tuzib, unga 9 mln so‘m miqdorida jarima belgilagan. Lekin, ushbu dalolatnomaga murojaatchi yoki xolislar tomonidan imzo qo‘yilmagan.

Mazkur holat Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudida ko‘rib chiqilib, noqonuniy elektr energiyasidan foydalanganlik bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma va belgilangan jarima bekor qilindi.

Ombudsmanga Namangan viloyatidan yuborilgan yana bir shikoyatda 1-guruh nogironi bo‘lgan murojaatchi S.B. unga asossiz qarzdorlik hisoblanganidan shikoyat qilgan.

Mazkur murojaat Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganda, 1-guruh nogironi bo‘lgan S.B. yer solig‘idan imtiyozga ega bo‘lishiga qaramay, xodimlar tomonidan unga 1mln so‘mdan ortiq qarzdorlik hisoblangani maʼlum bo‘lgan.

Ombudsman tomonidan tegishli tashkilotlarga hujjatlar taqdim etilganidan so‘ng noreal qarzdorlik bekor qilingan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati