Uchrashuvda mehmonlarga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yangicha ruh va mazmun bag‘ishladi. Xususan, Bosh qomusimizda inson huquqlariga oid normalar 3 baravarga oshdi. O‘zbekistonda yangi ijtimoiy-siyosiy muhit shakllanib, davlat o‘ziga ulkan ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlar oldi.
Muloqotda bugungi kunda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) mustaqil, xolis, adolatli tashkilot sifatida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda muhim rol o‘ynayotgani, fuqarolarning huquqlarini kafolatlashda davlat va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarayotgani qayd etildi.
Shuningdek, Ombudsman institutining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari yanada mustahkamlanib, qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi belgilab qo‘yildi. Bu o‘z navbatida, uning inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha mustaqil institut sifatidagi rolini yanada oshirdi.
Shu bilan birga, bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) instituti tashkil etildi. O‘tgan qisqa vaqt davomida mamlakatimizda bolalarning huquqlari ustuvorligini ta’minlash, ularning manfaatlarini ishonchli himoya qilishda muhim o‘rin tutmoqda.
O‘z navbatida, xorijiy Ombudsmanlar batafsil va tahliliy ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiq va konstruktiv tashqi siyosat tufayli O‘zbekiston dunyoga ochilayotgani, jahon maydonida o‘zining yangicha qiyofasi, imkoniyat va salohiyati bilan namoyon bo‘layotganini e’tirof etdilar.
Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilgan strategiyalarning hayotga izchil tatbiq etilishi natijasida O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi tubdan o‘zgargani, inson, uning qadri va manfaatlarini ifoda etadigan mutlaq yangicha munosabatlar kirib kelganini yuqori baholadilar.
Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar inson huquqlarini ta’minlash sohasida nafaqat Ombudsman instituti balki, parlamentalararo darajada ham hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.