Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman BMT kengashining 55-sessiyasida ishtirok etmoqda
Joriy yilning 26-fevral kuni Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi o‘z ishini boshladi.

Mazkur sessiyada O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Parlament Quyi palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova va Tashqi ishlar vazirligi vakili ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston vakili mamlakatimizda qonun ustuvorligi, demokratiya va inson huquqlarini ta’minlash sohalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida to‘xtaldi.  

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlariga oid qoidalar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarga to‘liq mos kelishi va unda o‘lim jazosini qo‘llash rasman taqiqlangani qayd etildi.  

Shuningdek,  ma’ruzachi  inson huquqlari sohasida, qolaversa, O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini ta’minlash borasida mamlakatimizda olib borilgan  islohotlar, xususan, Konstitutsiya va qonunlarimiz darajasida taqiqlangan qiynoqlar va ular qurbonlariga yetkazilgan zararni qoplash tartibi, BMT shartnoma organlari tavsiyalariga muvofiq joriy etilgan “Ombudsman plyus” modeliga to‘xtaldi.

Kengashda xalqaro inson huquqlari sohasidagi keng ko‘lamli masalalarni ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan. Ular orasida bolalar va nogironligi bor shaxslarning huquqlarini himoya qilish, diniy erkinlikni ta’minlash, terrorizmga qarshi kurashishda inson huquqlariga rioya qilish, qiynoqlarning oldini olish, madaniy va ijtimoiy huquqlarni himoya qilish va boshqa tematik mavzular muhokamasi ham mavjud.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi Oliy darajadagi segmenti o‘z ishini 28-fevralgacha davom ettiradi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati