Senatorlar “Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi to‘g‘risidagi Bitimga hamda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi byudjetini shakllantirish va ijro etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnomani (Toshkent, 2022-yil 1-iyun) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonunni ko‘rib chiqdi.
Ko‘rib chiqilayotgan hujjat jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi faoliyatini yana-da rivojlantirish, shuningdek, asosiy vazifalarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni nazarda tutayotgani alohida taʼkidlandi.
Xususan, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash Yevroosiyo guruhi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Yevroosiyo guruhi raisi lavozimiga qo‘shimcha talablar belgilash va uning kotibiyati vakolatlarini aniqlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Yevroosiyo guruhi byudjetining talablari va shartlari, yaʼni aʼzo davlatlarning hissasi, xarajatlarni taqsimlash va boshqa moliyaviy masalalar ham ko‘rsatilgan.
Senatorlar Qonunning ratifikatsiya qilinishi terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.
Shuningdek, qo‘mita majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishi holati to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqildi.
Muhokama chog‘ida senatorlar mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasida ijtimoiy adolatni taʼminlashga yangicha yondashuvlar joriy etilgani, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlari mustahkamlangani taʼkidlandi.Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy maʼruzachi instituti tashkil etildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga xalqaro andozalar asosida zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2023-yil davomida 2 ta Prezident qarori va 3 ta Respublika Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
Shu bilan birga, fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini taʼminlash sohasida xalqaro standartlarni samarali qo‘llash bilan bog‘liq hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar ko‘rsatilgan. Masalan, bolalarni turli zo‘ravonlik shakllaridan himoya qilish, nogironlar uchun qo‘shimcha inklyuziv imkoniyatlar yaratish dolzarbligicha qolmoqda.
Shuningdek, Qo‘mita majlisida Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. Hisobot muhokamasida senatorlar fuqarolar bilan samarali ishlash, inson huquqlari bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Majlis yakunlari bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.