Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hisoboti eshitildi
Joriy yilning 27-fevral kuni Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha vakil Ombudsmanning 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risida hisoboti tahlil etildi.

Ta’kidlash joizki, hisobot yilida Ombudsman nomiga 18 622 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib,  ularning 15 934 tasi fuqarolardan,
2 662 tasi mahkum va mahbuslar hamda ularning yaqinlaridan, 26 tasi chet el fuqarolari va xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan kelib tushgan.

Vakil tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari hamda sudlarga ta’sir choralari shaklidagi hujjat kiritilgan. Hisobot davrida Ombudsman tomonidan sudlarga kiritilgan da’vo arizalarining aksariyati qanoatlantirilgan.

Ombudsman hamda Vakil boshchiligidagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan o‘tgan yilda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari amalga oshirilgan bo‘lib, tashriflar chog‘ida aniqlangan ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda salbiy holatlarning hanuzgacha saqlanib qolinayotgani aniqlangan. Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taqdimnomalari kiritilgan.

Qayd etish joizki, Ombudsman tomonidan nafaqat harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlar, balki Internet jahon axborot tarmog‘ida bu kabi holatlar yuzasidan tarqalgan xabarlar ham to‘liq nazoratga olingan va tegishli tartibda rasmiy munosabat bildirilgan.

Qo‘mita a’zolari Ombudsmanning 2023-yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan hisobotni tinglab, qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar soni va sifati o‘sib borayotganini ijobiy ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.

Shu bilan birga, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar ijobiy yechim topish maqsadida tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlarni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Majlis yakunida senatorlar tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Xususan, raqamli texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan davrda Ombudsmanga murojaat qilishning tez va qulay imkoniyatini beruvchi “mobil ilova”ning ishlab chiqilishi va yo‘lga qo‘yilishiga qaratilgan takliflar ilgari surildi.

Majlis so‘ngida ko‘rilgan masala yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati