Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qo‘mita majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hisoboti eshitildi
Joriy yilning 28-fevral kuni Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilning 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti tahlil etildi.

Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, xotin-qizlar, bolalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklarini to‘laqonli taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar tizimli davom etmoqda.

2023-yilda Ombudsmanga xotin-qizlar huquqlarining cheklanishi, oilada ayolning tahqirlanishi, oiladagi tinchlikni taʼminlash va zo‘ravonlikning oldini olish masalasida 133 ta murojaat kelib tushgan.

Shuningdek, 2023-yilda Ombudsmanga ayollardan aliment va moliyaviy ko‘mak olish bo‘yicha 382 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 68 taga yoki 17,8 foizga oshgan. Ombudsmanning “Ishonch telefoni” orqali 92 nafar fuqaroga aliment undirish masalasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilishi taʼminlangan.

Ushbu murojaatlarning o‘rganilishi natijasida Ombudsman tomonidan xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 80,7 mln.so‘mlik aliment to‘lovlari undirilishi taʼminlangan.

Bundan tashqari, 3 ta holatda qarzdorlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 21 nafar fuqaroning “Ayollar daftari”ga kiritilishida ko‘maklashilgan.

Xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash yo‘nalishida Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, xotin-qizlardan ijtimoiy soha bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlar sonining yil sayin kamayib borayotgani davlatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijasi ekanligi, xotin-qizlar huquq va erkinliklarini kafolatlovchi normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilingani va ularning ijrosi taʼminlanayotganidan darak beradi.

Shu bilan birga, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar ijobiy yechim topish maqsadida tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlarni kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Majlis yakunida senatorlar tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Majlis so‘ngida ko‘rilgan masala yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati