Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari ijrosi ustidan parlament nazoratini olib borish masalasi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Qoraqalpog‘istonda aholi bandligini taʼminlash, qulay agrobiznes muhitini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli loyihalar amalga oshirilayotganligi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan hududda joriy yilda 120 mingdan ortiq aholining doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda bandligini taʼminlash, qiymati 6,5 trln so‘mlik 421 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, aholini biznesga jalb qilish, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish, aholini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, noruda foydali qazilma konlari va uchastkalaridan foydalanish huquqini auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha manzilli dasturlar tasdiqlandi.
Qo‘mita majlisida bioxilmaxillikni asrash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlari ham ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, amalga oshirilgan ishlar natijasida respublikada muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumiy maydoni 6,321 mln gektarga yetkazilib, mamlakat hududining 14,08 foizini tashkil etmoqda.
Senatorlar tomonidan kelgusida bioxilmaxillikni asrash, shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy himoya qilishni yangi bosqichga olib chiqish, atrof muhitni muhofaza qilish va umuman ekologik vaziyatni yaxshilashda jamoatchilik ishtiroki faolligini oshirish, sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Mazkur masala muhokamasi yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti tahlil qilindi.
2023-yilda Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar 18622 tani tashkil etib, 316 tasi ekologik huquq murojaatlarni tashkil etgan.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ekologik huquq va erkinliklarini taʼminlash yo‘nalishidagi 316 ta murojaatning 128 tasi nazoratga olinib, o‘rganib chiqilgan.
Murojaatlarning 137 tasi shaharsozlik norma va qoidalar buzilishi, 89 tasi sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya etmaslik, 85 tasi toza atrof muhitga bo‘lgan huquq, 5 tasi ekologik huquqlarni sud orqali himoya qilishi bilan bog‘liqdir.
Jumladan, Toshkent shahridan kelib tushgan 75 ta murojaatning 57 tasi shaharsozlik norma va qoidalarining buzilishi, 10 tasi toza atrof muhitga bo‘lgan huquqning taʼminlanmaganligi, 8 tasi sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya etilmaslik holatlariga to‘g‘ri kelgan.
Namangan viloyati Namangan shahri Davlatobod tumanida yashovchi fuqarolarning murojaatida “Namangan-Istiqlol Bog‘i” MCHJga tegishli bo‘lgan “Temir-beton ishlab chiqarish” korxonasi atrof muhitga va fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetkazayotganligi, Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 3-noyabrda MCHJ faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha qarori bo‘lsa-da, korxona faoliyatini 2023-yilning kuz oylarigacha davom ettirib kelganligi qayd etilgan.
Murojaat Ombudsman tomonidan o‘rganilganda “Temir-beton ishlab chiqarish” korxonasiga ekologik ekspertiza xulosasi berilmaganligi aniqlangan.
Ushbu masala Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamkorlikda har tomonlama o‘rganilgan hamda yechimini topgan.
Majlis so‘nggida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati