Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holatni joyiga chiqib o‘rganish uchun Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakiliga yuborildi. Holat tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganildi.
Murojaatchi A.K.ning xonadoniga borilganda uning oilaviy sharoiti og‘irligi tufayli voyaga yetmagan farzandi maktabga bormayotgani, xonadoni ham taʼmir talabligi maʼlum bo‘ldi.
Bolaning taʼlim olish huquqini taʼminlash maqsadida fuqaro A.K. voyaga yetmagan farzandi maktabga tiklanib, maktab psixologi murabbiy etib belgilandi.
Shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan murojaatchi xonadonida taʼmirlash ishlari boshlandi va unga bola puli berilishi taʼminlandi.
Ombudsmanga Andijon shahridan yuborilgan yana bir murojaatda fuqaro T.M. voyaga yetmagan farzandi maktabga olinmayotgani yuzasidan shikoyat qilgan.
Mazkur murojaat Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganilganda, 4 nafar voyaga yetmagan farzandning onasi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan T.M. kichik farzandini maktabga olib borganida, maktab maʼmuriyati tomonidan qabul qilinmagani maʼlum bo‘lgan.
Maʼlum bo‘lishicha, murojaatchi turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng, ota uyiga (boshqa tumandagi) ko‘chib kelgan. Maktab maʼmuriyati esa tumanda ro‘yxatda bo‘lmagani sababli, murojaatchi farzandini maktabga qabul qilishdan bosh tortgan.
Murojaat nazoratga olinib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilingach, murojaatchi farzandi mazkur maktabning 4-sinfiga qabul qilindi.
Maʼlumot uchun, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 50-moddasiga muvofiq, har kim taʼlim olish huquqiga ega, davlat bepul umumiy o‘rta taʼlim va boshlang‘ich professional taʼlim olishni kafolatlashi, umumiy o‘rta taʼlim majburiyligi, maktabgacha taʼlim va tarbiya, umumiy o‘rta taʼlim davlat nazoratida ekanligi belgilangan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati