Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi: 2023-yilda Vakilga eng ko‘p murojaat yo‘llagan tumandagi fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida"gi Qonunning 20 prim 2-moddasida Vakil fuqarolarning inson huquqlari va erkinliklari sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari hamda normalari to‘g‘risidagi bilimi va xabardorligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rishi belgilangan.

Qolaversa, Davlat rahbarining 2021-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Ombudsmanning eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.

Shu nuqtai nazardan respublika bo‘ylab aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra 2023-yilda Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 18622 ta murojaat kelib tushgan. Ular hududlar kesimida tahlil qilinganda, ko‘p murojaatlao Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan. Eng ko‘p murojaat yuborgan tumanlari beshligida birinchi o‘rinda Qashqadaryo viloyatining Koson tumani o‘rin olgan. 

Shu nuqtai nazardan 2024-yilning 15-mart kungi navbatdagi “Ombudsman maktabi” aynan ushbu hududda o‘tkazildi. Tadbirga Koson tumanidagi 70 dan ortiq MFYlar, jumladan eng ko‘p murojaat kelib tushgan “Nartichuqur”, “Nartibaland”, “Istiqlol”, “Maydayobu”, “Lolazor”, “Mudin”, “Halima”, “Shirintepa”, “Yangiobod” mahallalari aholisi jalb qilindi.

Dastlab, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi  deputati D.Mamajanova “O‘zbekiston – 2030” strategiyasinining mazmun-mohiyati va  ahamiyatiga to‘xtaldi.

Koson tumanidagi 15 ga yaqin mahallalarda yashovchi aholi qamrab olingan tadbirda aynan ular tomonidan ko‘tarilgan masalalar muhokama qilindi. Jumladan, aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish borasidagi imkoniyat hamda  imtiyozlar, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni ishga joylashtirish hamda zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka jalb qilish borasida aholi xabardorligi oshirildi.    

“Ombudsman maktabi” loyihasini amalga oshirishdan maqsad –aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishdan iborat. Sababi fuqarolar o‘z huquqlarini yaxshi bilmas ekanlar, ularni talab qila olmaydilar. Natijada qonun buzilish yoki uni chetlab o‘tish holatlari ko‘payishi mumkin.

Fuqarolar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Koson tumanidagi 150 nafarga yaqin mahalla faollari, xotin qizlar va yoshlar ishtirok etishdi.

“Ombudsman maktabi” tadbiri doirasida Ombudsman Feruza Eshmatovaning sayyor qabuli ham o‘tkazildi.    

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati