Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Andijonning chekka hududida yashovchi fuqarolar murojaatlari o‘rganildi
Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri fuqarolar murojaatlari bilan ishlashdir. 2022 yilda uning hududlardagi mintaqaviy vakillari ish boshlashi bilan respublikaning chekka hududlariga borib, fuqarolar muammolarini o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan navbatdagi sayyor qabul viloyatning Ulug‘nor tumani, “Mingbuloq” MFYda o‘tkazildi.

Unda fuqarolar pensiya, uy-joy, subsidiya ajratish, nogironlikni belgilash bilan bog‘liq masalalarda murojaat qilishdi.

Shu kuni Ulug‘nor tumanidagi “Mingbuloq”, “Uchko‘prik”, “Cho‘lobod” va “O‘zbekiston” MFYda yashovchi fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” tadbiri ham o‘tkazildi.

Tadbirda masʼul idoralar vakillari ishtirokchilarni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, aholini ijtimoiy himoya qilish, ular bandligini taʼminlash borasidagi islohotlar bilan tanishtirishdi.

Ochiq muloqot shaklida savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda ushbu hududlardan Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati