Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida aholining huquqiy savodxonligini hamda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan xabardorligini oshirishga qaratilgan "Ombudsman maktabi" loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir joriy yilning 27 mart kuni Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumani “Malik” MFYdagi 11-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabidan o‘tkazildi. Tadbirda tumandagi 200 nafarga yaqin “Intilish”, “Ilg‘or”, Oq yo‘l”, “Ziyokor”, “Navruz”, “Elobod”, “Quyosh”, “Zarshunos”, “Beshbuloq”, “Matonat” va “Islomobod” MFYlari aholisi qamrab olindi.
Tadbirga Ombudsmanga ushbu hududdan yuborilgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar tahlili asosida tegishli tashkilot vakillari jalb etildi. Fuqarolar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) vakillari bilan birga senator, mahalliy kengash deputati, viloyat hokimiyatining Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda ishtirok etgan parlament va masʼul idora vakillari ishtirokchilarni mehnat huquqlarini himoya qilish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati bilan tanishtirishdi.
Fuqarolar bilan bo‘lgan ochiq muloqotda, Ombudsmanga ushbu hududdan yuborilayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalar, jumladan, ijtimoiy yordam olish, subsidiya ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish yuzasidan huquqiy tushuntirish berilib, murojaatlari qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati