Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Samarqanddagi tibbiyot punktida muddati o‘tgan dori vositalarining mavjudligi aniqlandi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov Qo‘shrabot tumanida joylashgan Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tumanlararo punktiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Monitoring tashrifi kuni hushyorxonada mastlik holatida bo‘lgan shaxslar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Monitoring davomida bemorlarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilish holatlari o‘rganildi.

Aniqlanishicha, mazkur tibbiyot punkti mastlik holatida bo‘lga erkak va ayollarni saqlashga mo‘ljallangan bo‘lib, 2023-yil 1-yanvarda o‘z faoliyatini boshlagan. Unda mastlik holatida bo‘lgan shaxslar saqlanadigan xonalarga to‘liq video kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Lekin, qator kamchiliklar ham aniqlandi. Jumladan mazkur punktga qarashli tibbiyot bo‘limida 1-tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan 37 turdagi dori-darmonlar yetishmasligi, borlari ko‘zdan kechirilganda ba’zi muddati o‘tgan dori vositalari saqlanayotgani hamda bo‘limning ba’zi kerakli uskunalar bilan jihozlanmagani ma’lum bo‘ldi. 

Vazirlar Mahkamasining 2022-yildagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Alkogol, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga ko‘ra, Milliy gvardiya bilan birgalikda tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari va xodimlarining tunu-kun qo‘riqlanishini ta’minlash choralarini ko‘rilishi belgilangan. Ammo, monitoringda Milliy gvardiya bilan hushyorxonani qo‘riqlash bo‘yicha shartnoma tuzilmagani hamda bemorlar va xodimlar xavfsizligi ta’minlanmagani aniqlandi. 

Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan monitoring tashrifida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli tavsiyalar berildi. 

Monitoring yakunida tibbiyot punkti xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularga Ombudsmanning inson huquqlarini ta’minlashga oid faoliyat yo‘nalishlari hamda tibbiyot punktiga olib kelinadigan shaxslarga nisbatan qo‘pol yoki bosim o‘tkazmagan holda munosabatda bo‘lish kerakligi borasida tushuntirishlar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati