Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Surxondaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarining chekka hududlarida yashovchi fuqarolar murojaatlari o‘rganildi
Hozirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) topshirig‘iga asosan uning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan respublikamizning chekka hududlarida yashovchi fuqarolar bilan uchrashilib, ular murojaatlarini tizimli ravishda o‘rganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu nuqatai nazardan, “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida mahallalar kesimida muntazam ravishda sayyor qabullar tashkil etilmoqda.

Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan fuqarolar uchun navbatdagi sayyor qabullar Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida hamda Toshkent viloyatining Chinoz va Oqqo‘rg‘on tumanlarida o‘tkazildi.

Mazkur qabullarda mintaqaviy vakillar tomonidan 30 nafarga yaqin fuqarolardan uy-joy, kommunal xizmat, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash va taʼlim sohasiga oid murojaatlar qabul qilindi.

Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar muntazam ravishda hududlar kesimida tahlil qilinib, aholining huquqiy xabardorligini oshirish zarurati bo‘lgan va hudud uchun dolzarb bo‘lgan masalalar tanlab olinadi. Mazkur masalalar asosida tegishli davlat tashkilotlari va idoralari vakillari jalb etilgan holda “Ombudsman maktabi” tadbirlari tashkil etiladi.

Sayyor qabullardan so‘ng, Xorazm viloyatining Hazorasp tumanidagi “Bo‘ston”, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi “Konchilar” va Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi “Birlik” hamda  Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Tolovul”, ”Usta Normat”, “XonobodMFY hududlarida fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” tadbirlari ham tashkil etildi.

Jami 300 nafardan ortiq fuqarolar qamrab olingan tadbirlarda dastlab “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va  ahamiyatiga to‘xtaldi. Shuningdek, fuqarolarning aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish borasidagi imkoniyat hamda  imtiyozlar, yoshlar bandligini taʼminlash, ularni ishga joylashtirish hamda zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka jalb qilish borasida aholi xabardorligi oshirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati