Mazkur seminarda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi a’zolari tarkibiga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Azizbek Yuldashev ham kiritilgan. Shuningdek, delegatsiya tarkibida Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik uniayersiteti vakillari ham mavjud.
Uch kunlik seminar davomida delegatsiya a’zolariga Yevropa Kengashining bir nechta Konvensiyalari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi. Jumladan, “Jinoyat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risida”gi, “Ekstradisiya to‘g‘risida”gi hamda “Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida”gi Konvensiyalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining faoliyati hamda Yevropa Kengashining inson huquqlarini himoya qilish va targ‘ib qilishning ba’zi mexanizmlari bilan tanishishdi.
Seminar yakunida tashkilotchilar O‘zbekiston milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash hamda takomillashtirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati