Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligida Jizzaxdagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigann  yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
Davlat rahbarining 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) qiynoqlarning oldini olish maqsadida Jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini amalga oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Shu munosabat bilan, 2024-yilning 1-2 may kunlari Ombudsman boshchiligida uning huzuridagi Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha MPM doirasida faoliyat yurituvchi Jamoatchilik guruhlari tomonidan Jizzaxdagi qator penitensiar muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoringda shuningdek, senator va deputatlar, Ombudsman Kotibiyati xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab, Jizzax “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyidagi sharoitlar o‘rganildi. Unda Ombudsman ushbu muassasaga o‘tkazilgan avvalgi o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganiga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, joriy yilda ijtimoiy tarmoqlarda “Jizzax muruvvat uyidagi bemorlarning abgor vaziyati” sarlavhasi ostida e’lon qilingan video xabarlarda bemorlar uchun yetarlicha sharoitlar yaratilmagani, sotib olingan kiyim-kechak va ko‘rpa-to‘shaklar muassasada yashayotgan ayollarga berilmagani hamda ularga bo‘lgan munosabatning yaxshi emasligi kabi holatlar ochiqlangan edi. Holat zudlik bilan Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan tezkorlik bilan o‘rganilgan edi.

Ombudsman boshchiligidagi Jamoatchilik guruhlari a’zolari muassasada saqlanayotgan shaxslarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat, ularning yashash, ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlarini ko‘zdan kechirishdi.

Keyingi manzil 29-son Manzil-koloniyasi bo‘ldi. Unda mahkumlarning yashash joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi.

Shuningdek, mazkur koloniyadagi "Ombudsman quti"lari ko‘zdan kechirilib, mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Shu bilan birga, Viloyat ruhiy kasalliklari dispanseri, Jizzax viloyatidagi 30-sonli Manzil-koloniyasi, Jizzax shahar, Sharof Rashidov, Mirzacho‘l hamda Do‘stlik tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari, Jizzax viloyati Narkologiya dispanseri, Jizzah shahridagi Mahsus qabulxona va qator boshqa yopiq muassasalardagi sharoitlar ham o‘rganildi.

Qayd etish lozimki, Ombudsman va jamoatchilik guruhlari a’zolari avval Jizzax shahar vaqtincha saqlash hibsxonasiga tashrif buyurishganda, bino ta’mir talab va unda saqlanayotgan shaxslar uchun belgilangan sharoitlar yaratilmagan edi.   Bu galgi tashrifda esa, Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra,  ushbu vaqtincha saqlash hibsxonasi kapital ta’mirlangani hamda kameralar, telefon so‘zlashuv,  uchrashuv, advokatlar va tibbiyot xonalari kerakchi jixozlar bilan ta’minlanganiga guvoh bo‘lindi.

Tergov harakatlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xonalar ko‘zdan kechirilganda ularning videokuzatuv vositalari bilan jihozlangani va advokatlar istalgan vaqtda advokatlik so‘rovnomasi bilan tergov jarayonlarida tasvirga olingan videomateriallarni talab qilib olishi mumkinligi aytildi.

Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan batafsil ma’lumotnoma Parlamentga va shuningdek tegishli davlat organlariga taqdim etib kelinmoqda.

  Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati