Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: inson huquqlari-oliy qadriyat
O‘zbekiston xalqi, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlat, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish masʼuliyatini olgan. Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasiga muhrlangan ushbu satrlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub asosini tashkil etadi.

2024-yilning 2-may kuni Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani, “YangihayotMFYdagi 1-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida o‘tgan yili 30-aprelda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida qabul qilingan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning bir yilligi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” tadbirida tumandagi “Yangiobod”, “Qo‘shbarmoq”, “Toqchilik”, “Ziyokor”, “Xayrobod”, “Samarqand quduq” mahallalarida yashovchi 200 nafarga yaqin fuqaro qamrab olindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzosi va tegishli davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va OAV ham  ishtirok etishdi.

Fuqarolar bilan ochiq muloqotda Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muhim jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Bosh qomusimizda davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshganligi, xususan, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator majburiyatlar olishi belgilanganligini qayd etildi.

Shuningdek, tadbirda ilk marotaba davlat zimmasiga aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘rish majburiyati yuklanganligi va bugungi kunda davlat Konstitutsiyaning amaldagi ijrosini taʼminlash maqsadida tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirayotgani taʼkidlandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati