Shunga asosan 2024-yilning 13-14 may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusidagi Osiyo xotin-qizlari forumi o‘tkazildi.
Forumda 30 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan nufuzli mehmonlar – Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumatlari rahbarlari, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda xorijiy tashkilotlarning 40 nafardan ortiq vakillari, shuningdek, mahalliy davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ayol rahbarlar, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalarning jami 400 ga yaqin vakillari hamda faol xotin-qizlar ishtirok etishdi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilarga yo‘llagan tabrigini Senat Raisi Tanzila Narbayeva o‘qib eshittirdi.
Forumda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yuksak siyosiy irodasi tufayli xotin-qizlarning manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash va oilalar mustahkamligi masalalari siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotida, muhim qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayib bormoqda.
Qisqa davr ichida sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi, so‘nggi 5 yilda 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi bunga yorqin misoldir. “Xotin-qizlar va erkaklarga teng xuquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi muhim qonunlar qabul qilindi va amaliyotga joriy etildi.
Gender tenglik siyosatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va uni to‘laqonli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida 2030 yilga qadar mo‘ljallangan gender Strategiyasi qabul qilindi. Uni barcha soha va tarmoqlarga joriy qilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Qonunchilikka normativ-huquqiy hujjatlarni gender ekspertizadan o‘tkazish, genderga asoslangan milliy byudjetni qabul qilish, gender audit kabi tushunchalar kiritilib, amaliyotga joriy qilinmoqda.
Shu bilan birga, forumda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va “BMT-Ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxus, BMTning Jenevadagi bo‘limi bosh direktori Tatyana Valovaya, Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong hamda bir qator davlatlarning parlamentlari rahbarlari so‘zga chiqib, forumning maqsad va vazifalari, ahamiyati hamda undan kutilayotgan natijalarga to‘xtalib o‘tdi.
Ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar o‘zaro tajribalar bilan o‘rtoqlashish, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlarning bu boradagi zamonaviy yondashuvlarini o‘rganish maqsadida parallel sessiyalarga bo‘lingan holda ish olib bordi. Sessiyalardan biriga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova moderatorlik qildi.
Forumda xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularni tadbirkorlik va innovatsiyalarga keng jalb etish, zamonaviy global iqtisodiyotda ularning yetakchiligini ta’minlash orqali xotin-qizlarning ilmiy va innovasion faoliyatda, ta’lim sohasida, shuningdek, raqamli texnologiyalardan foydalanishda, kambag‘allikni qisqartirishdagi ishtiroki kabi masalalar muhokama qilindi.
Forum yakunlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati